Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston — mustaqillikni mustahkamlash va taraqqiyot yo‘li
18:09 / 2025-08-29

Mamlakatimizda mustaqilligimizning 34 yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” degan bosh g‘oya asosida o‘ziga xos bunyodkorlik kayfiyati bilan keng nishonlanmoqda. Bayramning bu g‘oyasi qalbimiz va shuurimizni ilhomlantiryapti.

Mustaqillik — barcha yutuq va marralarimiz poydevori, erkin hayotimiz kafolati, kelajakka ishonch bilan intilishimizni ta’minlaydigan buyuk ne’mat. Bu sana nafaqat tarixiy yo‘lga nazar tashlash, balki istiqbolni belgilash, yangi maqsadlarni ko‘zlash uchun ham juda muhimdir. Zero, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mustaqilligimizni mustahkamlash va Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, xalqimizning erkin va farovon hayoti, shahar va qishloqlarimizdagi mislsiz o‘zgarishlar, odamlarni yaratuvchanlik kayfiyatida yaqqol aks etmoqda. 

So‘nggi 8 yilda O‘zbekiston yuksalishning yangi davrida yashamoqda. “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy sohalar va tashqi siyosatda shiddatli va izchil islohotlar jarayonlari kechmoqda.

“Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil davlat boshqaruvining asosiy mezoniga aylandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya esa inson huquq va erkinliklarini kafolatlaydigan, demokratik davlatchilik asoslarini mustahkamlaydigan muhim huquqiy asos bo‘ldi.

Dunyoda kechayotgan geosiyosiy taranglik, murosasizlik va ba’zi mintaqalarda o‘zaro ishonchning yo‘qolib borayotgani ko‘p mamlakatlarning barqaror rivojlanishi uchun jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Mana shunday murakkab vaziyatda Prezidentimizning siyosiy oqilligi bilan O‘zbekiston diplomatiyasida o‘ziga xos, milliy qadriyatlarimizga hamohang manfaatli muloqot uslubi shakllandi. Natijada, xalqaro hamjamiyatda do‘stlarimiz, Prezidentimiz siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan hamkorlarimiz safi tobora kengaymoqda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda tinch, barqaror hayot tarzi va bunyodkorlik muhitini mustahkamlashga katta hissa qo‘shmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha sohalardagi ko‘p yillik masala va muammolar yechildi. Suvdan foydalanish, energetika, transport kommunikatsiyalari kabi ustuvor tarmoqlarni Markaziy Osiyo mamlakatlari birga rivojlantirmoqda.

Amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati, qulay va jozibador investitsiyaviy muhit minglab yangi ish o‘rinlarini yaratishga keng yo‘l ochmoqda. Xususan, 2024 yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga o‘sib, ilk bor 115 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 1,6 barobar oshib, qariyb 35 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport hajmi 27 milliard dollarga yetdi. Joriy yilda YAIM 130 milliard dollardan, eksport esa 30 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Bu raqamlar —Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining samarasi. 

O‘tgan qisqa davrda soliq tizimi soddalashtirilib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Valyuta liberallashtirilishi va tashqi savdoning erkinlashuvi orqali xorijiy investitsiyalar oqimi ko‘paydi. Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, fermer xo‘jaliklari uchun bozor mexanizmlarini joriy etish islohotlarning muhim yo‘nalishiga aylandi.

Ijtimoiy sohada ham tub o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Ta’lim tizimida 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim tiklandi, yangi maktab va oliy ta’lim muassasalari ochildi. Xorijiy universitetlarning filiallari faoliyat yuritmoqda. Maktabgacha ta’lim qamrovi 2016 yildagi 27 foizdan 76 foizga, oliy ta’limga qamrov esa 9 foizdan 42 foizga yetdi. 

Sog‘liqni saqlash sohasida tibbiy muassasalarni modernizatsiya qilish, aholini sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlashga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda.

Ijtimoiy himoya tizimida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi yangi tizimlar aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshchiligida ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi. 

Yana bir muhim jihat — xalq farovonligining oshishi. Agar 2021 yilda aholining 17 foizi kambag‘allik chizig‘idan pastda yashagan bo‘lsa, 2024 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 8,9 foizga tushdi. 2025 yil yakuniga qadar esa uni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan.

Yo‘llar, energiya tarmoqlari, ichimlik suvi va kommunikatsiyalar rivojlanmoqda. Yangi uy-joy dasturlari amalga oshirilib, yuz minglab oilalar zamonaviy xonadonlarga ega bo‘ldi. 

Birgina misol, 1991-2016 yillarda mamlakatimizda 147586 xonadonli 3 636 ta ko‘p qavatli uylar qurilgan bo‘lsa, 2017 - 2024 yillarda qariyb 3,5 baravar ko‘p — 490 660 xonadonli 12 373 ta ko‘p qavatli uylar qurildi. 

Oxirgi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foiz oshib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. 2030 yilga borib, jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish choralari ko‘rilmoqda. 

2009 - 2016 yillarda avtomobil yo‘llari tarmog‘ini takomillashtirish maqsadida jami 9,4 trln. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2017 - 2024 yillarda ushbu ko‘rsatkich 60 trln. so‘mdan yoki 6 barobarga ortdi. 2009 - 2016 yillarda 21 ming km. yo‘llarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan bo‘lsa, so‘nggi 8 yilda yo‘l ishlari hajmi 5 barobarga o‘sib, 106 ming km. yo‘llar holati yaxshilandi.

Natijada, o‘tgan 8 yil davomida ta’mirtalab yo‘llar ulushi 68 foizdan 27 foizga kamaytirildi. Joriy yilda yana 21 ming km. dan ortiq yo‘llar rekonstruksiya qilinadi va ta’mirlanadi hamda 320 ta ko‘prik inshootlari qayta tiklanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi shahar massivlari, ko‘p qavatli uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar – bularning barchasi mustaqillik Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan taraqqiyot yo‘li samarasidir.

Qonun ijodkorligi jarayoni ham faol rivojlanmoqda. Ayniqsa, so‘nggi 8 yilda islohotlarning huquqiy asosini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan parlamentning qonun ijodkorligiga doir ishi ham miqdor, ham sifat nuqtai-nazaridan sezilarli darajada faollashdi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qonun loyihalarini ko‘rib chiqishda izchil o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Xususan, 2009 – 2016 yillarda 305 ta (yiliga o‘rtacha 38 ta) qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, 2017 - 2024 yillarda bu raqam 1286 taga yetdi. Deputatlar tomonidan 2009 - 2016 yillarda jami 65 ta, 2017-2024 yillarda esa 141 ta qonun loyihasi tashabbus huquqi asosida kiritilgan. 

Bu raqamlar Qonunchilik palatasi tomonidan qonun loyihalarini ko‘rib chiqishning 4.2 baravarga oshganligini ko‘rsatadi. 2025 yilning 6 oyi mobaynida 86 ta qonun loyihasining ko‘rib chiqilgani yangi chaqiriq deputatlari ham yuqori faollik bilan ish boshlaganligini anglatadi. 

Istiqlol tufayli biz erkin va farovon hayot qurish yo‘lidan bormoqdamiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mustaqillikning amaliy samarasi, uning xalqimiz hayotidagi chinakam qadriyatga aylanganidan dalolatdir. Mazkur sa’y-harakatlar mamlakatimiz izchil taraqqiyotini, siyosiy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy adolat va inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlamoqda. Eng muhimi, bu natijalar mustaqil, qudratli va zamonaviy Yangi O‘zbekistonni barpo etishga xizmat qilmoqda.

Rahimjon HAKIMOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 

Spikerining o‘rinbosari.