Joriy yilda Surxondaryo viloyatidagi beshta “Yangi O‘zbekiston” massivida 5 ming 90 o‘rinli 145 ta zamonaviy ko‘p qavatli uy-joy qad rostlamoqda. Ularning 66 tasida o‘tgan yili qurilish ishlari boshlangan bo‘lsa, 79 tasining poydevori shu yil tashlangan. Barcha qulayliklarga ega arzon va shinam yangi xonadonlar 5 ming 90 oilaning uy-joyga bo‘lgan talabini qondiradi.
Inson qadri ulug‘lanib, xalqparvar davlat barpo etilayotgan mamlakatimizda aholining munosib turmush kechirishi uchun barcha qulaylik yaratilmoqda. Bu jarayonda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da belgilab olingan vazifalar muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir. Jumladan, Strategiyada renovatsiya va uy-joylar dasturlari asosida shaharlarda eskirgan uylar o‘rniga 19 million kvadrat metrdan ortiq zamonaviy uy-joylar barpo etish, 275 mingdan ziyod oilaning yangi massivlarga ko‘chib o‘tishi uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Endilikda bunday ulug‘ maqsadlar Surxondaryo viloyatini ham ulkan bunyodkorlik maydoniga aylantirib, uy-joyga muhtoj aholining orzu-umidlarini bekamu ko‘st ro‘yobga chiqarishga undadi. Shaharu qishloqlarda yangi uylar qurilishiga e’tibor yanada kuchaytirildi. Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil vohada 11 ming 46 xonadonli 246 ta uy-joy qurilib, foydalanishga topshiriladi. Ularning 5 ming 956 xonadonli 101 tasi uy-joyga talab yuqori bo‘lgan hududlarda, 5 ming 90 xonadonli 145 tasi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilmoqda. Angor tumanidagi Sharq guli mahallasida 526 xonadonli 23 ta, Boysun tumanidagi Mustaqillik mahallasida 440 xonadonli 22 ta, Jarqo‘rg‘on tumanidagi Qorayantoq mahallasida 992 xonadonli 47 ta ko‘p qavatli uylarda qurilish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Sariosiyo tumanidagi Lutfkor mahallasida qad rostlayotgan 35 ta ko‘p qavatli zamonaviy turar-joy binosiga 1 ming 152 ta, Termiz tumanidagi Yangiobod mahallasida bunyod etilayotgan 18 ta ko‘p qavatli uy-joyga 1 ming 980 ta oila ko‘chib o‘tadi.
– Bu massivlar barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘layotgani bilan odamlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi viloyat hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati bosh mutaxassisi Nurislom To‘raqulov. – Xonadonlar keng, yorug‘ va shinam. Hududda yashaydigan aholi uchun qulay infratuzilma yaratilyapti. Masalan, shu yilning o‘zida ikkita massivda 660 o‘rinli maktab, bittasida 180 o‘rinli bog‘cha va 1 ta 50 qatnovli oilaviy poliklinika barpo etildi. Barcha massivlar muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududlar obodonlashtirilmoqda. Bolalar o‘yingohlari, xizmatlar ko‘rsatish va servis inshootlari qurilayotir. Bu kabi ob’ektlarga quyosh panellari va energiya tejamkor yoritish tizimlari o‘rnatilayotgani ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
Viloyatdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi xonadonlarni tabiiy gaz, elektr energiyasi va toza ichimlik suvi, issiqlik tarmog‘i bilan ta’minlash, keng, ravon avtomobil yo‘llari va piyodalar yo‘lakchalari qurish yuzasidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Oqova suv quvurlari tortilmoqda. Xususan, yilning o‘tgan davrida to‘rtta massivda 7,3 kilometr elektr tarmog‘i tortilib, oltita transformator punkti o‘rnatildi. Tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha loyihada ko‘rsatilgan barcha ishlar bajarildi.
Massivlardagi ko‘p qavatli uylarning ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish uchun 68,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bu mablag‘ evaziga 8 ta suv inshooti, 13,5 kilometr ichimlik, 20,2 kilometr oqova suvi tarmoqlarini barpo etish rejalashtirilgan.
– Hozirgacha besh kilometr toza ichimlik hamda o‘n kilometrdan ortiq oqova suvi quvuri tortildi,–deydi “Surxondaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Abdumutalib Arabov. – Bu ishlar, ayniqsa, Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on tumanlarida jadal suratlarda olib borilib, muddatidan ilgari bajarildi. Sariosiyo tumanida 7,1 kilometr ichimlik hamda 10,1 kilometr oqova suv tarmog‘i tortish ishlarini yakunlashga hozirlik ko‘rilmoqda. Ikkita suv inshootida qurilish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Massivlarda belgilangan ishlarni muddatida bajarishimiz uchun yetarli imkoniyat bor.
Mahalliy materiallar asosida bunyod etilib, voha qiyofasini tubdan o‘zgartirayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ish qizg‘in. Qurilish–montaj ishlarini tez, sifatli bajarish va ko‘p qavatli uylarda aholining hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash uchun 1 ming 200 dan ortiq quruvchi mehnat qilayotir. Bunyodkorlar ikki yuzdan ziyod qurilish texnikasidan oqilona foydalanib, turar–joy binolari va boshqa inshootlarni o‘z muddatida foydalanishga topshirishga hozirlik ko‘rmoqda. Demak, yangi uy to‘ylari bilan zamonaviy massivlar yanada fayzli bo‘ladigan quvonchli kunlar yaqinlashmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri