Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi O‘zbekiston” massividagi uy-joylarda yuzaga kelgan holat ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda
17:16 / 2023-10-05

Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahrida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massividagi ko‘p qavatli uylar sifatsiz qurilgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ya’ni, massivdagi ba’zi xonadonlar devorlari darz ketgan. To‘qqiz qavatdan iborat ushbu bino, biroz cho‘kkan.

Mazkur ko‘p qavatli uylar Toshkent viloyatining Chirchiq shahri “Iftixor” MFY hududida qurilib, foydalanishga topshirilgan. Hozirda bu uylarda yuzaga kelgan holat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda uning mas’ul tashkilotlari tomonidan nazoratga olinib, ishchi guruh tuzildi. 

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari Kozim To‘laganov boshchiligidagi ishchi guruh yuqoridagi holatni o‘rgandi.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “Yangi O‘zbekiston” massividagi uylar pudratchi “Yangi zamon bino” MCHJ tomonidan qurib, foydalanishga topshirilgan.  

– Ushbu binoning fundament va yerto‘la qismi hamma talablarga mos ravishda qurilganidan keyin, binoni ko‘tarishga ruxsat berilgan. Yuqorida qayd etilgan uylarda ko‘tarilgan muammolar yomg‘ir, qor, suv ketishi natijasida yuzaga kelgan, – deydi “Qishloqqurilishloyiha” bosh instituti muhandisi Avazxon Bo‘rixo‘jayev. – Bu kabi muammolar yechimini topish maqsadida loyiha-hujjat ishlab chiqildi. Taqdim etilgan loyiha yechimlariga asosan pudratchiga zarur topshiriqlar berildi. Bugungi ishchi guruh yig‘ilishidan keyin mutasaddilarga alohida topshiriq berildi.  Seysmik jihatdan xavf yo‘q. Ikki binoning yonma-yon joylashishi oraliq masofasi 20 santimetrni tashkil qilgan. Geologik xulosaga ko‘ra, ushbu bino “Cho‘kuvchan va o‘ta cho‘kuvdan gruntli hududlarda quriladigan bino va inshootlar” to‘g‘risidagi shaharsozlik norma va qoidalari talablariga muvofiq qurilgan. Biroq, o‘tgan yil bahor-kuz mavsumidagi yog‘ingarchiliklar tufayli ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlari irrigatsiya tizimlarisiz muntazam ravishda bino poydevoriga sizib kirib, bino atrofiga yig‘ilib qolgan. Natijada bino ostining asos qismi suvga to‘yinib, binoning vertikal seysmik choklari loyihaviy holatidan ko‘chgan. “Qishloqqurilishloyiha” tomonidan ishlab chiqilgan resurs bo‘yicha binodan 4 metr eski, nami qochgan tuproq olib tashlanib, qaytadan tuproq zichligi, namligini to‘g‘rilanadi.  

– Joriy yilning aprel oyida mazkur binolar texnik ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi “O‘zGASHKLITI” loyiha-tadqiqot institutining bino va inshootlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘lim boshlig‘i Sarvar Abdujabborov. – Binoning holati loyihaga mos keladi. Bir so‘z bilan aytganda, binoning holati yaxshi. Shu bilan birga, kamchiliklari ham bor. Jumladan, yomg‘ir suvlari kanalizatsiyaga tashlanmagan. Trubalar ochiq holatda. Mana shunday kamchiliklar binoning cho‘kishiga sababchi bo‘lgan. Hozirgi vaqtda bu binolar har 3 oyda monitoring qilinadi. Oxirgi monitoringda ko‘rdik, bino yaxshi holatda. Monitoring davom etmoqda. Ishchi guruh yig‘ilishida qator topshiriqlar berildi.  

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur holatni bartaraf etish yuzasidan “Qishloqqurilishloyiha” instituti tomonidan joriy yil 14 fevralda “Yangi zamon bino” MCHJ bosh direktoriga bino ostiga suv ketishining oldini olish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berilgan. Uylar poydevori asosining cho‘kishi va uning namlanishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar loyihasi ishlab chiqilgan. Biroq, belgilangan topshiriqni bajarish uchun pudratchi tomonidan hech qanday chora ko‘rilmagan.  

Ushbu uylar dinamikasining salbiy tomonga o‘zgargani sababli quruvchi tashkilot yuzaga kelgan masalalarni bartaraf qilish bo‘yicha loyiha yechimlari va chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni so‘rab “Qishloqqurilishloyiha” tashkilotiga murojaat qilgan. Institut tomonidan tegishli loyihaviy yechimlar ishlab chiqilgan.  

Mahalliy hokimiyat vakillari esa hududda bajarilgan obodonlashtirish va irrigatsiya tizimlariga oid ishlarni hudud bosh rejasiga asosan qayta ko‘rib chiqishi va yog‘ingarchilik boshlanishidan oldin bajarishi lozim.  

Mazkur binolar qurilishiga mas’ullar hamda soha ekspertlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda mavjud holatni bartaraf etish yuzasidan qo‘shimcha takliflar bildirildi. Ular orasida eng maqbullari saralanib, o‘n kun muddatda amaliy choralarni ko‘rish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.  

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA