Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida aholi uchun zamonaviy infratuzilma va qulay yashash sharoitlarini yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan shaharning Abdurahmon Jomiy mahallasida barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” massivi bu yo‘nalishdagi muhim loyihalardan biri bo‘lib, u nafaqat yangi turar-joylar, balki zamonaviy hayot tarzi, ish o‘rinlari va ijtimoiy imkoniyatlarni ham mujassam etgan.

Yangiyer shahar hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-tur doirasida jurnalistlar mazkur massivdagi qurilish ishlari, muhandislik-kommunikatsiya tizimlari hamda ijtimoiy infratuzilmalar bilan yaqindan tanishishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 30 apreldagi “Aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Yangiyerda 16 gektar maydonda 50 ta ko‘p qavatli turar-joy qurish ko‘zda tutilgan. Ular foydalanishga topshirilgandan so‘ng, 5 ming nafarga yaqin aholi yangi manzilga ko‘chib keladi.

Hozirga qadar 400 xonadondan iborat 20 ta uy foydalanishga topshirilib, yangi istiqomatchilar o‘z manzillariga ko‘chib o‘tdilar. Qolgan 30 ta uy joriy yil yakuniga qadar qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.
– Massivda nafaqat turar-joylar, balki to‘liq ijtimoiy infratuzilma tizimi yaratilmoqda, – deydi shahar hokimi o‘rinbosari Shavkat Mirzayev. – Zamonaviy va barcha qulayliklarga ega mahalla markazi, loyiha qiymati 12 milliard 500 million so‘m bo‘lgan 990 o‘ringa mo‘ljallangan 12-sonli umumta’lim maktabi, 4 milliard 443 million so‘mlik 180 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, aholiga 12 turdagi savdo xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, tibbiyot muassasasi, sport majmuasi, kovorking markazi, ekobozor va boshqa ijtimoiy inshootlar qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Nafaqat ushbu inshootlar, balki massivda qurilishi ko‘zda tutilgan turar-joy majmualari ham 2026 yilning mart oyiga qadar to‘lig‘icha foydalanishga topshiriladi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, yaqinda “Abdurahmon Jomiy” mahallasi yoshlari “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” uchun o‘tkazilgan futbol musobaqasining Respublika final bosqichida munosib g‘alaba qozondi. Ular uchun qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy stadion ham yoshlar taklifiga binoan “Yangi O‘zbekiston” massivida barpo etiladi. Ayni vaqtda bu yo‘nalishdagi ishlar ham jadal sur’atlarda boshlab yuborilgan.
– E’tiborli jihati shundaki, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida massiv yaqinida kichik sanoat zonasi tashkil etildi, – deya qo‘shimcha qiladi Shavkat Mirzayev. – Bu yerda 21 ta loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib, ular orqali 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Massivda 0,7 kilometr avtoyo‘l, 3,5 kilometr ichimlik suvi, 2,8 kilometr oqova suv, 4 kilometr elektr va 5 kilometr gaz tarmoqlari tortilib, infratuzilma bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Shuningdek, 2,7 kilometr elektr uzatish tarmoqlari qurilib, yer osti kabellari o‘rnatildi. Qish mavsumida aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida issiqlik qozonxonasi qurilib, 400 xonadonli 20 ta uy issiqlik tizimiga ulandi.
Istiqomatchilarning so‘zlariga ko‘ra, yangi uylar hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilagan. – Yangi massivga ko‘chib o‘tganimizga ko‘p bo‘lgani yo‘q, – deydi Umida Sariboyeva. – Barcha qulayliklar mavjud. Kichik bolalarim uchun zamonaviy, barcha sharoitga ega shahardagidek bog‘cha, katta farzandlarim uchun esa maktab bor. Eng muhimi, ular uyimizga yaqin joylashgan. Hech qanday ovoragarchilik yo‘q. Ilk bor ko‘chib kelganimizda ikkilangandik, ammo bugun bu yerdagi hayotimiz juda yaxshi kechmoqda.
Yaqinda ushbu mahallaga viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov boshchiligida mas’ullar tashrif buyurishib, yangi massivda yashillik yetishmaydi. Bu borada aholiga munosib muhit yaratish lozim, degan fikrga kelishdi. Bu masala shahar hokimligi e’tiboridan ham chetda qolmadi — ayni vaqtda bu yo‘nalishdagi ishlar jadallik bilan olib borilyapti.
“Yangi O‘zbekiston” massivi – bu Yangiyerning yangi qiyofasi, zamonaviy infratuzilma va insonparvar siyosatning amaliy ifodasidir. U nafaqat shahar arxitekturasini, balki uning ijtimoiy muhitini ham yangilamoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA