French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi boshlandi
19:42 / 2025-12-15

Farg‘ona shahrida yapon kompaniyasi tomonidan “Shogun City” loyihasi qurilishi boshlandi. Yangi loyihaning qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimligi vakillari, Okuda Takefumi boshchiligidagi Yaponiya ishbilarmonlar delegatsiyasi vakillari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Yapon bog‘i, mehmonxona va restoranlar majmuasini o‘z ichiga olgan yirik va zamonaviy “Shogun city” loyihasi Yaponiyaning “Micado Development” kompaniyasi rahbari Okuda Takefumi boshchiligidagi investorlar tomonidan Farg‘ona shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivi – Ekoshaharda amalga oshirilmoqda. 

Tadbirda so‘z olganlar tomonidan O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari rahbarlarining yaqin, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari natijasida so‘nggi yillarda ko‘plab sohalarda aloqalar mustahkamlanib borayotgani, yurtimizda investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi. Farg‘ona viloyati bilan Yaponiya o‘rtasida ham ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda “Shogun city” loyihasi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. 

[gallery-26750]

– Loyihaning umumiy qiymati 60 million AQSH dollarini tashkil qiladi va bu mening shaxsiy hayotim uchun ham, Yaponiya uchun ham juda katta loyiha hisoblanadi. Kelgusida O‘zbekiston va Farg‘ona uchun ham ulkan biznesga aylanadigan loyiha bo‘ladi, – dedi Okuda Takefumi. 

Shuningdek, loyiha yapon investorlarini viloyatda faoliyat boshlashlarida o‘ziga xos platforma bo‘lishiga, viloyat turizm salohiyatini yanada oshirishiga ishonch bildirildi. Tadbir doirasida viloyat rasmiylari, investor va hamkorlar ishtirokida loyihaning boshlanishiga rasman start berildi. 

Okuda Takefumi boshchiligidagi Yaponiya ishbilarmonlar delegatsiyasi Farg‘ona shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massividagi qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdilar. Shu yerda “Shogun city” loyihasining birinchi bosqichi “Sakura Garden” zamonaviy turar-joy majmuasi ofisining ham tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

M.Sulaymonov, M.Qodirov olgan suratlar.