Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” mavzusida seminar o‘tkazildi
18:02 / 2024-06-13

Milliy matbuot markazida “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” deb nomlangan seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi targ‘ibotchisi, taniqli siyosatshunos olim Narzulla Jo‘rayev va boshqalar oilalar mustahkamligini ta’minlash, yoshlar tarbiyasini to‘g‘ri asosda yo‘lga qo‘yish, ularni turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan ishonchli himoyalashda ma’naviy-ma’rifiy masalalar bugun har qachongidan dolzarb ekanini ta’kidladi. 

Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yilning 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bugungi globallashuv jarayoni shiddat bilan kechayotgan murakkab bir davrda oilalardagi sog‘lom muhitni, yoshlarning ongini yot va zararli g‘oyalardan asrash borasida kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar xususida alohida so‘z yuritilgan edi. 

[gallery-17827]

– Zo‘ravonlikning turli shakllari kuchayib borayotgani taassufli holatdir, – dedi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev.– Bu esa ayrimlarda “shunday qilsa bo‘lar ekan” degan fikrni uyg‘otayotgani ham sir emas. Bunday yondashuv insonni ich-ichidan yemirib boradigan, ruhiy, ma’naviy tanazzulni keltirib chiqaradigan holatdir. Yurtimizning har bir go‘shasida kechayotgan jarayonlarni, hodisalarni taftish qilishga odatlanish, xalq sifatida yuragimizni saqlab qolish bugun har birimiz uchun juda muhimdir. 

–Insonning fenomenal jihati shundaki, u yuz yil yashasa ham, yuz yil tarbiyaga muhtoj bo‘ladi, – dedi siyosatshunos olim, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi targ‘ibotchisi Narzulla Jo‘rayev. – Inson tabiatan xato qilishga moyil. Lekin xato ustiga xato qilaversa, o‘zi uchun ham, jamiyat uchun ham tanazzul yuz beradi. Yangilangan Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning ijtimoiy, demokratik davlat ekani qayd etilgan. Xatolarni aytishdan, ularni to‘g‘rilashdan cho‘chimaslik kerak. Yurtimizda inson, uning sha’ni, manfaatlari oliy qadriyat deb belgilangan. Bugun davlatimiz oilalarga, yoshlarga, ayollarga keksalarga, mehnat qilayotgan fuqarolarga katta e’tibor va g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lmoqda. Biroq qanchalik sharoit yaratilsa, ayrimlarning shunchalik befarq, loqayd bo‘lib borayotgani ham afsuslanarli holatdir. Tarbiyada bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymaslik har bir fuqaroning burchidir. 

Seminarda shukronalik bilan yashash, yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlash, yoshlar tarbiyasi, oila kelajagiga befarq bo‘lmaslikka chorlovchi video-rolik namoyish etildi. 

Davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla, xotin-qizlar faollarining mas’uliyatini yanada kuchaytirish borasidagi istiqboldagi rejalar belgilab olindi. 

Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA