O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida mamlakatimizda natijadorlikka yo‘naltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini yangilangan talablar va tamoyillar asosida tashkil etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–269-son Farmoni bilan vazirlik, qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarni o‘z ichiga oladigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yagona tizimi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning hududiy bo‘linmalari mas’uliyatini oshirish maqsadida respublika va mahalliy darajadagi bo‘g‘inlarning quyidagi funksional chegarasi belgilansin:
a) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari:
tegishli sohada yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi va uning amalga oshirilishini ta’minlaydi hamda bu borada mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi, ularga davlat xizmatlarini ko‘rsatadi hamda hududiy bo‘linmalarning xalq bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish yo‘nalishidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi va umumlashtiradi;
o‘z tizimiga va tashkiliy bo‘ysunuviga kiradigan ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini baholashning maqsadli ko‘rsatkichlarini belgilaydi hamda ularga erishish ishlarini muvofiqlashtiradi;
huquqiy tartibga solish funksiyasi doirasida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi (vazirlik tizimi yoki tashkiliy bo‘ysunuviga kiradigan ijro etuvchi hokimiyat organlari bundan mustasno) hamda qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqadi;
joylardagi muammolarni aniqlash va bartaraf etish tadbirlari amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi, o‘z vakolati doirasida huquqiy tartibga solish va nazorat funksiyalarini amalga oshiradi;
tegishli tuzilmalarni malakali kadrlar bilan to‘ldirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
mehnat faoliyatini amalga oshirish va mehnatga haq to‘lashning munosib va adolatli shart-sharoitlarini yaratadi;
b) ijro etuvchi hokimiyat organlarining hududiy bo‘linmalari:
tegishli hududda soha bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish hamda belgilab berilgan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga qaratilgan amaliy va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
joylarda ijtimoiy va iqtisodiy holatni tahlil qilgan holda, aholini qiynayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqishda va amalga oshirishda ishtirok etadi;
joylarda qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlarining o‘z vaqtida va sifatli amalga оширилишини ta’minlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi va ularga davlat xizmatlarini ko‘rsatadi hamda o‘z vakolati doirasida tegishli hududda davlat nazorati tadbirlarini amalga oshiradi.
3. Belgilansinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbari vazifasini bajarishi taqiqlanadi;
uyushma va boshqa xo‘jalik birlashmalariga davlat hokimiyati vakolatlarini berish va ularning rahbarlarini Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan lavozimga tayinlash amaliyoti bekor qilinadi.
4. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadida tegishli sohaga oid Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:
har bir respublika ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan tegishli sohani rivojlantirish yuzasidan o‘rta muddatli dastur (konsepsiya, strategiya) (keyingi o‘rinlarda – Dastur) ishlab chiqiladi hamda belgilangan tartibda tasdiqlanadi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralarga ajratilgan mablag‘larning cheklangan miqdori doirasida kelgusi yillar uchun Dasturda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida sohani yillik moliyalashtirish hajmlari ishlab chiqiladi;
vazirlik va idoralar tomonidan Dasturda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan va Iqtisodiyot va moliya
vazirligiga taqdim etilgan byudjet so‘rovlari bilan xarajatlarning cheklangan miqdori o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga kelganda, unga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida aniqlik kiritiladi;
Vazirlar Mahkamasi vazirlik va idoralar kesimida ularga Davlat byudjetidan ajratilishi ko‘zda tutilayotgan mablag‘lar doirasida Dasturda belgilangan maqsadlarga erishish ko‘rsatkichlari belgilanishini ta’minlaydi.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelgusi moliya yilidan boshlab, Davlat byudjeti parametrlari tasdiqlangandan so‘ng vazirlik va idoralarning xarajatlar smetasini ro‘yxatga olishda mablag‘larni xarajatlar iqtisodiy tasnifining moddalariga ajratmasdan faqat xarajat guruhlari bo‘yicha ajratilishini ta’minlaydi;
vazirlik va idoralar byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi hamda mablag‘larning sarflanishi yuzasidan barcha ma’lumotlarni xarajatlar iqtisodiy tasnifining moddalari kesimida o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida ochiq e’lon qilib boradi va Oliy Majlis palatalari oldida hisobot beradi.
6. Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining qariyb 5 ming funksiyalari xatlovdan o‘tkazilib, 500 ga yaqin takrorlanadigan, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hamda amalga oshirish mexanizmlari bilan ta’minlanmagan funksiyalar aniqlanganligini inobatga olgan holda respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlari funksiyalarining ochiq reyestrini (keyingi o‘rinlarda – Funksiyalar yagona reyestri) shakllantirish va uni doimiy yuritish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.
Bunda:
Funksiyalar yagona reyestriga kiritilgan har bir funksiya bo‘yicha ularni respublika, viloyat va tuman (shahar) kesimida amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy mexanizmlar, moliyaviy-iqtisodiy va kadrlar resurslari bilan ta’minlanganlik holati aks ettirilsin;
amalga oshirish mexanizmi bo‘lmagan funksiyalarni zarur tashkiliy-huquqiy mexanizmlar, moliyaviy-iqtisodiy va kadrlar resurslari bilan ta’minlash, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan funksiyalarni
esa bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritilsin;
qonunchilik hujjatlari bilan ijro organlariga yuklatiladigan funksiyalar bir vaqtning o‘zida majburiy tarzda Funksiyalar yagona reyestriga kiritilib, takrorlanuvchi funksiyalar bekor qilinsin;
funksiyalarni raqamlashtirish va inson omilini qisqartirgan holda avtomatlashtirish yuzasidan takliflar kiritilsin.
7. Belgilansinki:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har yili respublika byudjetidan respublika davlat boshqaruvi organlariga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlarini belgilashda Funksiyalar yagona reyestrida nazarda tutilgan funksiyalar mezon sifatida inobatga olinadi;
Adliya vazirligi tomonidan Funksiyalar yagona reyestrini elektron tarzda yuritish imkonini beradigan “Davlat funksiyalari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi yuritiladi.
Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2023 yil 1 martga qadar Funksiyalar yagona reyestrini shakllantirish ishlarini yakunlasin hamda uni yuritish tartibi bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Davlat boshqaruvida ochiqlik darajasini yanada oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirilgan davlat boshqaruvi modeliga o‘tish maqsadida 2023 yil 1 yanvardan boshlab, sinov tariqasida, Adliya vazirligi tizimida idoraviy buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.
Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2023 yil 1 iyunga qadar sinov natijalari bo‘yicha 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va e’lon qilishni joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini kiritsin.
9. Davlat boshqaruvi apparatini saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni maqbullashtirish, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda byudjet mablag‘larining sarflanishi ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida:
hududlarga xizmat safarlarini qisqartirgan holda joylardagi muammolarni aniqlash uchun “onlayn qabul”, “virtual tashrif“ kabi hududlar bilan ishlashning zamonaviy texnologiyalarga asoslangan masofaviy usullarini qo‘llash tizimi joriy etilsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini avtotransport vositalari bilan ta’minlash me’yorlari rahbar kadrlarning soni qisqartirilishini inobatga olgan holda maqbullashtirilsin;
ijro etuvchi hokimiyat organlari uchun energiya va boshqa resurslarning sarflanishiни bosqichma-bosqich, shu jumladan, tejamkor texnologiyalarni joriy etish hisobidan kamaytirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni har yili belgilash hamda ajratiladigan byudjet mablag‘larini ularga qarab maqbullashtirish amaliyoti joriy etilsin;
bino va inshootlarni qurish, ta’mirlash va jihozlash (qayta jihozlash) hamda rasmiy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha maksimal narxlarni ichiga oluvchi me’yorlarni belgilash, shuningdek, ushbu maqsadlarga sarflangan mablag‘lar yuzasidan hisobotlarni xarajatlar iqtisodiy tasnifining moddalari kesimida e’lon qilib borish tartibi joriy etilsin;
nazorat tadbirlarini o‘tkazishning muqobil shakllari joriy etilishini va ularda jamoatchilik vakillarining ishtirokini ta’minlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yish orqali barcha nazorat tadbirlari va ob’ektlari haqidagi ma’lumotlarning ochiqligi ta’minlansin.
10. Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan mas’ul ijrochi bo‘lgan davlat organlarining birinchi rahbarlariga shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
11. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalari keng yoritilishini tashkil etsin.
12. Adliya vazirligi bir oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqib, qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan takliflar kiritsin.
13. Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 21 dekabr