English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi!” shiori ostidagi forum muvaffaqiyatli o‘tdi
11:21 / 2024-08-17

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Renessans” oromgohida “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi!” shiori ostida tashkil etilgan III Ustozlar milliy forumining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur forum har qachongidan ham fayzli, shukuhli, munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Ayni paytda ustozlar so‘lim tabiat bag‘rida atroflicha fikr va tajriba almashish, yangiliklardan boxabar bo‘lish imkoniga ega bo‘ldilar. 

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova keyingi yillarda o‘qitish tizimida olib borilayotgan yangilanish jarayonlari bolalarning maktabgacha ta’lim maskanlariga qamrovini kengaytirish, o‘qituvchilik kasbining nufuzi va mavqeini yuksaltirish, bilim dargohlariga ilg‘or o‘qitish uslublarini kengroq joriy etish imkonini berayotganini ta’kidladi. 

Tadbirda e’tirof etilganidek, ta’limning maqsadi jamiyat ehtiyojidan kelib chiqadi. Shu nuqtai nazardan, avvallari bolalarga tayyor bilimlar taqdim etilgan bo‘lsa, endilikda o‘quvchilarning o‘zlari mustaqil izlanishi, bilimlarni tahlil etishi, xulosalar chiqarishi uchun keng imkoniyatlar berilmoqda. E’tiborga molik jihati, milliy ta’lim-tarbiya sohasida to‘plangan boy tajriba va an’analar bilan birga endilikda Singapur ta’lim tizimining eng yaxshi jihatlarini o‘qitish, darsliklar tayyorlash jarayoniga ham joriy etishga katta ahamiyat qaratilmoqda. 

– Eng avvalo sizlarni O‘zbekiston sportchilarining Parijda bo‘lib o‘tgan olimpiadada erishgan ulkan yutuqlari bilan tabriklayman, – dedi Singapurning Marshall Cavendish Education xalqaro ta’lim tashkiloti vakili Abdulla Xayri. – Vaholanki, Singapur bu olimpiadada birgina, u ham bo‘lsa bronza medalni qo‘lga kiritdi. Tashkilotimiz Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjondagi ta’lim tizimi bilan uzviy hamkorlik qiladi. Singapur oilalarining 1965 yildagiga nisbatan hozirgi byudjetida keskin ijobiy farq ko‘zga tashlanadi. Bu ta’lim taraqqiyoti evaziga erishilgan. Hozir O‘zbekistonda ta’lim sohasida kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar uning kelgusidagi taraqqiyoti uchun muhim poydevordir. 

– O‘qituvchilarning hozirgidek obro‘si va mavqei yuksalgan zamonlar yana qachon bo‘lgan, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, ko‘plab fan olimpiadalarida g‘alaba qozongan o‘quvchilarning ustozi Muhabbat Sharofova. – O‘qituvchilar bu imkoniyat va imtiyozlarning qadriga yetishi, yosh avlod tarbiyasida mas’uliyatni astoydil his etishini istardim. 

– Forumda Singapur metodikasi bo‘yicha yaratilgan darsliklardan foydalanish jarayoni atroflicha tushuntirildi, – dedi Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi 34-umumta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi Shavkat Suyunov. – Shu bilan birga, 5 E ga asoslangan ta’lim modeli tushuntirildi. Bu model o‘quvchini muayyan foydali yangiliklarni o‘zi izlab topishi, uni boshqa ma’lumotlar bilan taqqoslay olishi, tahlil eta olishi, xulosa chiqarishdek ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Forumda bu kabi ko‘plab yangiliklardan boxabar bo‘ldik. Fikr va tajriba almashdik. Endi o‘rganganlarimizni joylardagi hamkasblarimizga yetkazamiz. 

Tantanali tadbir yakunida eng ilg‘or va faol pedagoglarga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi. 

Ishtirokchilar e’tiboriga katta konsert dasturi havola etildi. Yangi o‘quv yiliga qadar bunday tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida “kaskad” usulida – pog‘onama-pog‘ona tarzda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. 

Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari