Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam
22:58 / 2023-04-05

Konstitutsiya lotincha “constitution” so‘zidan olingan bo‘lib, “tuzilish”, “o‘rnatish” ma’nolarini anglatadi. Qomus alohida yuridik xususiyatga ega yagona siyosiy-huquqiy hujjat sifatida shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatning asosiy tamoyilini o‘rnatadi, davlat hokimiyatining tuzilishi, sub’ektini, hokimiyatni amalga oshirish mexanizmini belgilaydi, jamiyat, inson, fuqarolarning davlat tomonidan qo‘riqlanadigan huquqi va erkinligini mustahkamlaydi.

Konstitutsiyaning mamlakat hayotidagi ahamiyatiga to‘xtalar ekanmiz, avvalo, qomusimiz mohiyatini anglab yetish zarur. Har bir mamlakat huquq tizimida muhim ahamiyatga ega mazkur asosiy qonun oliy yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Muayyan davlatdagi xech bir qonun hujjati me’yori Qomusda qayd etilgan normaga zid kelishi mumkin emas. Konstitutsiyada davlat tuzilishi, shuningdek qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlar va sud hokimiyati vakolati, saylov tizimi, fuqaroning huquqi, burchi va majburiyati, jamiyat va shaxs, davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatga doir eng muhim jihatlar qat’iy belgilab qo‘yiladi.

Hayotimiz qomusi – Konstitutsiyamiz mustaqillik davrida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi negizida ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi o‘tgan qisqa muddatda davlat va jamiyatni rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichiga asos soldi. Hozir Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida keng ko‘lamli, ulkan islohotlar olib borilyapti. Ushbu strategiyani amalga oshirishda Bosh Qomusimiz beqiyos ahamiyat kasb etadi. Sababi, Yangi O‘zbekiston strategiyasining barcha yetti yo‘nalishining amaliyotga joriy etilishi qomusimiz bilan chambarchas bog‘liq. Xususan, strategiyaning ikkinchi yo‘nalishi adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, ushbu jihat xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning asosiy va zarur sharti sifatida aytib o‘tilgan.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek oliy maqsad sari qadam qo‘yish jarayoni, albatta, Asosiy qonunimizni yangilash zarurligini taqozo etadi. Qonun, avvalo, Konstitutsiya demak.

Prezidentimiz Konstitutsiyani qayta ishlab chiqishda bevosita xalq takliflarini e’tiborga olish, qonun loyihasini referendumga qo‘yish orqali qabul qilish zarurligini bildirgan edi.

Referendum – O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. Referendumning saylovdan asosiy farqi shundaki, Referendum o‘tkazilayotganda biror lavozimga nomzod yoki nomzodlar ro‘yxati uchun ovoz berilmaydi, balki muayyan masala – qonun, qonun loyihasi, konstitutsiya, konstitutsiyaga tuzatish kiritishga oid savol qo‘yiladi.

Referendumda qabul qilingan qaror oliy yuridik kuchga ega bo‘ladi va faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.

Aytish joiz, Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda xalqimizning fikri, takliflari ikki bosqichda o‘rganildi. Birinchi bosqichda fuqarolarimizdan Konstitutsiya loyihasini shakllantirishga qaratilgan 60 mingdan ziyod taklif tushdi. Ikkinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. 5 millionga yaqin aholi ommaviy axborot vositalari, internet tarmog‘i orqali loyiha bilan tanishdi, 150 mingdan ziyod taklif va mulohaza aytildi.

Ayni paytda xalqaro-huquqiy hujjatlar, 190 dan ortiq davlat tajribasi o‘rganildi, loyiha 6 xil ekspertizadan o‘tkazildi.

Yangi tahrirga asosan, O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi moddalar soni avvalgi 128 tadan 155 taga, normalar esa 275 tadan 434 taga oshyapti. 128  moddaning 91 tasiga konseptual o‘zgarish kiritilmoqda. Umuman, konstitutsiya 65 foiz o‘zgartirilyapti.

Xulosa o‘rnida Prezidentimizning Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvidagi nutqidan iqtibos keltirmoqchiman: “Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi. Shunda har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam” deb yuksak g‘urur bilan ayta oladi”.

Dilafro‘z Umarova,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi