Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – inson huquqlarining mustahkam kafolati
19:10 / 2022-06-24

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasiga o‘tish jarayoni, ya’ni Yangi O‘zbekistonni barpo etish Bosh qomusimizni takomillashtirishni taqozo etmoqda. Chunki, O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillaridan boshlab tiklanish davrini boshidan o‘tkazdi.

2016 yildan boshlab Harakatlar strategiyasiga asosan siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlarni ko‘zda tutuvchi islohotlar olib borildi. Endilikda esa O‘zbekistonni rivojlantirish uchun Taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi. Bu jarayonlar yangi mezonlar, talablar va qarashlarni shakllantirayotgani sababli Konstitutsiyada o‘zgarish va qo‘shimchalarni taqozo qiladi.

Xususan, hali ham „Snos“ masalasi yaqin yillardagi eng „boshog‘riq“ muammolardan biri bo‘lib turganligi, kompensatsiyani qoplash uchun mablag‘ bor yoki yo‘q ekanligiga qaramay «ura-ura»chilik oqibatida qisqa vaqt ichida qo‘plab xususiy mulklarga zarar yetkazilayotganligi, ayrimlarda xususiy mulk daxlsizligiga bo‘lgan ishonch sinishiga sabab bo‘layotganligi achinarli hol albatta. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2020 yilning 1 yanvar holatiga, buzilgan mulklar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan qariyb 443 mlrd so‘m qarzdorlik mavjud bo‘lgan, hududiy hokimliklar tomonidan buzilishlar bo‘yicha qabul qilingan 52,6 mlrd so‘mlik 196 ta qarorlarning 76 tasi yoki 39 foizi bo‘yicha amaldagi tartibga rioya etilmagan. Birovning peshona teri bilan qurgan joyini asossiz, roziliksiz buzishni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Shuningdek, Prezidentning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligi alohida ko‘rsatilgan. Ushbu holatlar hali ham uchrab turgani, fuqarolarda jiddiy e’tirozlarni keltirib chiqarayotgani hamda mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham ayni haqiqatligi ta’kidlanib, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda qiynoq bilan bog‘liq holatlarning ko‘payishi tendensiyasi, xususan, 2017 yilda 7 ta, 2018 yilda 10 ta, 2019 yilda esa 16 ta qiynoqqa solish jinoyati qayd qilingan hamda natijasi bo‘yicha aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal etilganligi, afsuski, yurtimizda olib borilayotgan siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlarni ko‘zda tutuvchi islohotlarga qaramasdan, Asosiy qonunimizni davlat, jamiyat va fuqarolarning bugungi istak va irodasiga hamohang takomillashib borishi kerakligidan dalolat bermoqda.

E’tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir masala bu – fuqarolarning shaxsiy hayot daxlsizligining yetarli darajada ta’minlanmayotganligidir. Vaholanki, fuqarolarning huquq va erkinliklari qonunan muhofaza qilish maqsadida Konstitutsiyamizning 25-moddasida «Har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi», 27-moddasida «Shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi» kafolatlangan. Qolaversa, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunga asosan, OAV orqali fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanishi kabi normalar mavjudligiga qaramasdan, afsuski, hozirgi kunda fuqarolar tomonidan ushbu tartib-qoidalarga rioya qilmaslik natijasida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda insonlarning shaxsiy hayotiga tegishli ma’lumotlar, xabarlar va shuning asosida xulosalar tarqatish uchramoqda.

Shaxsiy hayot daxlsizligi, ya’ni insonning shaxsiy hayotiga har qanday aralashuv va tajovuzdan himoya qilinishi shaxsning fundamental huquqidir. Huquqiy jamiyatlarda shaxsiy hayot daxlsizligi oliy qadriyat hisoblanadi.

Shunday ekan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida ilgari surilayotgan keng ko‘lamli vazifalar, xususan, adolatli va xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi ulug‘vor maqsadlar bu borada zarur huquqiy asosni ta’minlovchi konstitutsiyaviy makonni yanada takomillashtirish ehtiyojini kun tartibiga qo‘ymoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib Asosiy Qonunimizga ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga insonparvarlik tamoyili asosida muomala qilinishi va ularning qadr-qimmatini hurmat qilinishi majburiyligini o‘rnatish hamda shaxsning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi, shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatishga, uning nomus va sha’niga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik taklif qilinmoqda. Shuningdek, faqat sud qarori bilangina shaxsni uy-joyidan mahrum qilinishini belgilash, har bir insonning respublika hududida erkin yurish va yashash joyi tanlash huquqini ta’minlash va har bir insonning o‘z mamlakatidan chiqib ketish va o‘z mamlakatiga qaytib kelish huquqini belgilash takliflari bildirilmoqda.

G.Nurmuhammedova,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Jinoiy-huquqiy fanlar kafedrasi dotsenti, yu.f.f.d. (PhD), dotsent

F.Qodirova,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Xorijiy tillarni o‘rganish kafedrasi katta o‘qituvchisi