Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston kelajagi – bilimli, tashabbuskor va raqobatbardosh yoshlar qo‘lida
15:38 / 2026-03-02

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq va samimiy muloqot mamlakatimiz taraqqiyotida yoshlar masalasi ustuvor yo‘nalish ekanini yana bir bor amaliy dalillar bilan tasdiqladi.

Yurtimizda 22 milliondan ortiq yosh avlod ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanining e’tirof etilishi biz, ta’lim sohasi vakillariga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Samarqand davlat pedagogika instituti jamoasi nomidan ta’kidlashni istardimki, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdorining 100 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshirilishi, startap loyihalarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritish imkoniyatining yaratilishi – bu yoshlar tashabbusini real moliyaviy mexanizmlar orqali qo‘llab-quvvatlashning aniq ifodasidir.

Ayniqsa, “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 7 yil muddatga 15 foizli kreditlar ajratilishi, 20 million so‘mgacha garovsiz mablag‘ berilishi, faoliyatini kengaytirayotgan yoshlar uchun 2 milliard so‘mgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga 10 milliard so‘mgacha kredit ajratilishi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlashda yangi bosqichni boshlab beradi.

Har bir hududda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etilishi, kamida 40 ming yoshni qamrab oladigan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturining yo‘lga qo‘yilishi hamda eng yaxshi 1000 nafar yosh loyihasiga 200 million so‘mgacha 7 foizli ssuda ajratilishi – tashabbuskor va kreativ fikrlaydigan yoshlar uchun mustahkam platforma yaratadi.

Bizning institutimizda ham startap madaniyatini rivojlantirish, pedagogik innovatsiyalarni tijoratlashtirish, “spin-off” loyihalarini yo‘lga qo‘yish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini kuchaytirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Texnikumlarga ham 1 milliard so‘mgacha startap mablag‘i ajratish imkoniyati, “Work end travel” dasturi asosida 6 oy xorijda ishlab tajriba orttirish mexanizmi joriy etilishi yoshlarning global raqobatbardoshligini oshiradi.

Xorijiy til sertifikatiga ega 600 mingdan ortiq yoshlar, 72 ming nafar instruktor shakllangani, 38 mingdan ziyod xususiy o‘quv markazlari faoliyat yuritayotgani bu inson kapitaliga qaratilgan tizimli siyosat natijasidir. Soliq imtiyozlari, foizsiz 300 million so‘mgacha ssudalar, ijtimoiy soliqning 1 foizgacha tushirilishi kabi choralarning joriy etilishi, ayniqsa, chekka hududlarda sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytiradi.

Volontyorlar sonining 5 baravar oshib, 100 mingdan ortgani, har yili 20 milliard so‘m byudjet mablag‘i ajratilishi, grantlar miqdorining 100 million so‘mgacha yetkazilishi yoshlar ijtimoiy faolligining institutsional asoslarini mustahkamlaydi.

Yosh oilalar uchun ipoteka kreditining 14 foizdan oshgan qismini byudjetdan qoplash, kitobxonlikni rivojlantirish jamg‘armasi orqali ijodkorlarga oyiga 20 million so‘m miqdorida bir yillik ijodiy buyurtmalar berish, eng yaxshi 100 ta asarni maktab va texnikumlarga yetkazish tashabbuslari ma’naviy-ma’rifiy sohada ham tub burilish yasaydi.

Samarqand davlat pedagogika instituti mazkur tarixiy uchrashuvda belgilangan barcha vazifalarni o‘z faoliyat dasturiga integratsiya qiladi. Biz 2030-yilga borib mehnat bozoriga kirib keladigan 1 million nafargacha yoshlar orasida raqobatbardosh, tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan pedagog va mutaxassislarni tayyorlashni o‘z oldimizga ustuvor maqsad qilib qo‘yamiz.

Shahzoda Negmatova,

Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor.

O‘zA