Yangi O‘zbekiston bugungi kunda faqat iqtisodiy o‘sish yoki institutsional islohotlar bilan cheklanib qolmay, jamiyatni ma’naviy, ijtimoiy va boshqaruv jihatdan yuksaltirishga qaratilgan yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
Prezidentning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi ana shu strategik yo‘lning mazmun-mohiyatini ochib berib, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamladi. Mazkur hujjat mamlakat kelajagi, jamiyat farovonligi va inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan muhim dasturiy asos sifatida baholanmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti birinchi prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Qudratulla Omonov bilan suhbatimiz aynan shu mavzu asosida bo‘ldi.
– Qudratulla Sharipovich, kuni kecha Prezidentimiz yo‘llagan Murojaatnomani xalqimiz katta qiziqish bilan kuzatdi. Aynan ushbu hujjat xalq va davlat o‘rtasida aloqani mustahkamlashda qanday o‘rin tutadi?
– Albatta, xalqimiz mamlakatimizda shiddatli kechayotgan islohotlar bilan bog‘liq qizg‘in jarayonlarni katta ishtiyoq bilan kuzatyapti. Negaki, fuqarolarimiz mamlakat iqtisodiyoti va farovon hayotimizni ta’minlashda bu o‘zgarishlarning ahamiyatini allaqachon anglab yetgan.
Ta’kidlash kerakki, Prezident Murojaatnomasi O‘zbekiston siyosiy boshqaruv tizimida davlat rahbari bilan xalq o‘rtasidagi muloqotning eng ta’sirchan va ochiq ko‘rinishi sifatida shakllandi. U davlat va jamiyat o‘rtasidagi kommunikatsiyani mustahkamlab, fuqarolarga mamlakatda kechayotgan islohotlar, rejalar va maqsadlar haqida bevosita axborot olish imkoniyatini yaratadi.
Shu jihatdan, Murojaatnoma nafaqat siyosiy nutq, balki natijaga yo‘naltirilgan dasturiy hujjat sifatida ham katta ahamiyatga ega. Unda qo‘llanilgan til birliklari, g‘oyalar va raqamlar orqali davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar, shuningdek, kelgusidagi iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarni bashorat qilish imkoni paydo bo‘ladi.
– 2025 yil yakunida yo‘llangan Murojaatnomaning asosiy farqli jihatlari nimada namoyon bo‘ldi?
– Bu yilgi Murojaatnoma avvalgilariga nisbatan keng qamrovliligi va ko‘p qirrali mazmun-mohiyati bilan ajralib turdi. U o‘tayotgan yil sarhisobini chiqarish bilan birga mamlakatning o‘rta va uzoq muddatli istiqbol rejalarini ham aniq belgilab berdi.
Eng muhimi, Murojaatnomada jamiyatni yuksaltirish masalasi markaziy o‘ringa qo‘yildi. Davlat rahbari har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq, asoslangan raqamlarni keltirib, islohotlar real natijalarga tayanayotganini ko‘rsatdi. Ayniqsa, ko‘p o‘rinlarda yurtboshimizning “Bu raqamlar birinchi marta aytilyapti”, degan ta’kidi esa mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichga chiqqanligini anglatadi.
– Nega “jamiyatni yuksaltirish” g‘oyasi Murojaatnomaning tayanch nuqtasi sifatida belgilandi?
– “Jamiyatni yuksaltirish” g‘oyasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mantiqiy davomi sifatida ilgari surildi. Chunki iqtisodiy o‘sishning asosiy maqsadi inson farovonligini ta’minlash, jamiyatda ijtimoiy adolat va barqarorlikni mustahkamlashdan iborat.
Shu bois, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi tasodifiy emas. O‘zbek jamiyatining hayoti, an’analari va boshqaruvi, avvalo, mahalla instituti bilan bog‘liq. Mahallalar rivojlansa, jamiyat mustahkamlanadi, fuqarolarning turmush sifati yaxshilanadi va davlat boshqaruvida xalq ishtirokining samaradorligi ortadi.
– Murojaatnomada keltirilgan raqamlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti haqida qanday xulosa chiqarishga asos bo‘ladi?
– Murojaatnomada keltirilgan aniq va asoslangan raqamlar mamlakat taraqqiyotining sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini yaqqol ko‘rsatadi. Joriy yilda YAIM hajmining 143 milliard dollarga yetgani, 2026 yilda 167 milliard, besh yil ichida esa 240 milliard dollarga chiqarish rejasi iqtisodiy o‘sish barqarorligidan dalolat beradi.
Joriy yilda kambag‘allik darajasining 5,8 foizga tushirilgani va kelgusi yilda uni 4,5 foizgacha qisqartirish maqsadi jamiyat farovonligini ta’minlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ifoda etadi. Oltin ishlab chiqarish va elektr energiyasi hajmining mamlakat tarixida bo‘lmagan ko‘rsatkichlarga yetishi esa Yangi O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida bevosita jamiyat yuksalishi va inson manfaatlari ustuvor bo‘lgan bosqichga kirib kelganini tasdiqlaydi.
Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekiston bugun nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki jamiyatni barqaror rivojlantirish, inson farovonligi va “jamiyatni yuksaltirish” g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichga kirganini namoyon etadi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.