Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston: istiqlol solnomasining yangi sahifasi
14:25 / 2022-08-08

Har yili saxovatli kuzning birinchi kunida milliy istiqlol bayramini nishonlar ekanmiz, mustaqillik solnomasining yangi sahifasiga yangicha shiddat, ertangi yutuqlarimizga qat’iy ishonch bilan qadam qo‘yamiz.

Bayramning ulug‘ shukuhi ozod va obod Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy bo‘y-bastini dunyo kengliklari uzra namoyon etaveradi. 

O‘ttiz bir yil ozmuncha vaqt emas, albatta. Lekin o‘tgan davrda fuqarolarning hayot darajasi, siyosiy-ijtimoiy faolligi, ongu tafakkuri tobora yuksaldi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 1 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori istiqlol yillarida nishonlangan tinchlik tantanasining 2022 yilda ham o‘zgacha shukuh, o‘zgacha yuqori kayfiyat kasb etishiga zamin bo‘lishiga ishonamiz. 

Bu yilgi shodiyonalar “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” ezgu g‘oyasi ostida nishonlanadi. Ha, keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadr-qimmatini ulug‘lash, hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga erishishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, bugungi kunda Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda aholimizning konstitutsiyaviy islohotlarga bo‘lgan qiziqishi juda yuqori ekanligi va bildirayotgan takliflari Konstitutsiyamizning xalqchil bo‘lishida, inson qadrini yanada ulug‘lashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. 

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, keyingi vaqtda ustuvor siyosat darajasiga ko‘tarilgan kambag‘allikni qisqartirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Hududlarda “mahallabay”, “xonadonbay” tizimlari orqali ishlanib, aholi daromadini oshirish, bandligini ta’minlash, subsidiyalar orqali o‘zini-o‘zi band qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotir. 

Islohotlarning mantiqiy davomi sifatida bugungi kunda kasaba uyushmalari xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘mak ko‘rsatish, og‘irini yengil qilish, eng asosiysi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz, doimiy daromadga ega bo‘lmagan xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib kelayotir. 

Xususan, joriy yilning avgust oyi holatiga viloyatimizda 47 kooperatsiyalar ishga tushirilib, ularda 921 ta doimiy ishchi o‘rni yaratildi. Shuningdek, 6 ming 951 ta xonadonda 8 ming 597 nafar aholi, shundan 7 ming 395 nafari ayollar kooperatsiyalar faoliyatiga jalb etildi. 

Birgina Rishton tumanidagi “MM Porcelain” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Haydarov Saxobillo” oilaviy korxonasi, “Keramik Product Roshidon” xususiy korxonasi va “Rasulov Suxrob Mo‘minjonovich” oilaviy korxonalarida kooperatsiya loyihalarida 640 nafar xotin-qizning kulolchilik yunalishida bandligi ta’minlandi. 

Bundan tashqari, Bag‘dod tumanida "Gulnora bodomlari" ishlab chiqarish korxonasida bodomga ishlov berish, "Zolotaya dolina" mas’uliyati cheklangan jamiyatida supurgichilik yo‘nalishida 525 nafar ayollarning bandligi ta’minlandi. Bu kabi ishlar eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida yanada keng quloch yoymoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, bugun biz erishgan va erishajak yuksak marralar, ozod va obod Vatanimiz manzaralari, avvalo, istiqlol sharofatidandir. Shunday ekan, aziz elimizda, Yangi O‘zbekistonimizda inson qadrini ulug‘lashni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi ulug‘vor ishlarimizni xalqimiz bilan birgalikda amalga oshiramiz. Zero, ozod va obod, erkin va farovon Vatanda yashash va unga xizmat qilish barchamizning pirovard maqsadimizdir. 

Erkinjon Nuraliyev, 

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining  

Farg‘ona viloyati Kengashi raisi, 

“Do‘stlik” ordeni sohibi 

O‘zA