English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi O‘zbekiston iste’dodlari”
15:57 / 2024-09-23

Andijonda “Yangi O‘zbekiston iste’dodlari” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, xususan, madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun ijodiy maydon yaratish hamda yangi-yangi iste’dodlarni kashf etish maqsadida o‘tkazilgan tanlovning viloyat bosqichida 50 nafar havaskor san’atkor yosh ishtirok etdi. 

Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabida o‘tkazilgan tanlov ishtirokchilari an’anaviy xonandalik, an’anaviy cholg‘u ijrochiligi, akademik, estrada xonandaligi, estrada cholg‘u, milliy raqs ijrochiligi, suxandonlik hamda aktyorlik singari yo‘nalishlarda o‘zlarining iste’dod va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi. 

Yosh iste’dodlarning qiziqarli va rang-barang chiqishlari bilan o‘tgan tanlov viloyat bosqichining yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘z yo‘nalishida eng yuqori ball olgan yoshlar tanlovning respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. 

– Ijro etgan milliy raqslarim bilan tanlov g‘oliblaridan biri bo‘ldim, – deydi tanlovning milliy raqs ijrochiligi yo‘nalishi g‘olibi Komila Obidova. – Bundan behad xursandman. Ushbu muvaffaqiyat menga shijoat va ilhom beradi. Nasib etsa, tanlovning mamlakat bosqichida ham g‘oliblar qatoridan joy olishga harakat qilaman. 

Tanlov g‘oliblari viloyat madaniyat boshqarmasining faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri