English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston g‘oyasi – umummilliy harakatga aylandi
14:00 / 2024-06-03

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va har tomonlama ilmiy-falsafiy asoslab berilgan – Yangi O‘zbekiston g‘oyasi bugungi kunda xalqimizning qalbidan chuqur joy oldi va umummilliy harakatga aylandi.

“Ishonch” gazetasining joriy yil 21 may kungi sonida va internet saytlarida taniqli jamoat arbobi, siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning chuqur tahlillarga va boy kuzatuvlarga asoslanib yozilgan “Shavkat Mirziyoyev: Men umrimni shu xalqqa tikkanman!” maqolasini o‘qirkanman xayolimdan beixtiyor ana shunday fikrlar o‘tdi. 

Maqola muqaddimasida muallif o‘z tahliliy fikr va mulohazalarini qog‘ozga ko‘chirishga nima undaganini alohida ta’kidlab o‘tadi: “Prezidentning yaqinda Jizzax viloyati faollari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasida bir nuqta ko‘pchilikning e’tiborini tortdi, deb yozadi muallif. Unda davlatimiz rahbari shunday degan edi: “Xudo menga sog‘liq berib, umr bersa, bizda kambag‘allik va ishsizlik bo‘lmaydi. Nimaga desangiz, bunga men yetti yil umrimni tikdim. Tizim yaratdim, qonun yaratdim, dunyoni ochib berdim. Xalqim yaxshi yashasin, niyatlari amalga oshsin, bolalari baxtli bo‘lsin, nevaralari sog‘lom tug‘ilsin, maktabi ishlasin, yo‘llari ravon bo‘lsin deb ishga keldim...” 

Yozilgan nutqdan tashqariga chiqib aytilgan ushbu mulohazalar odamlarni favqulodda sergaklantirdi. Ehtimol, shundandir ayni iqtibos matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p “aylandi”. Nega? Chunki bu so‘zlar samimiy va chin yurakdan aytilgan edi...”

Men ham ushbu uchrashuvda qatnashgan bir jizzaxlik faol sifatida Davlatimiz rahbarining ushbu so‘zlari har birimizning yurak-yuragimizgacha yetib borganini, jismu jonimizda hayajonli titroq uyg‘otganini tasdiqlayman. 

Anjumanda davlatimiz rahbari, endi yaratilgan bu tizim ishga tushishi uchun qat’iy choralar ko‘rilishini, odamlarni mehnat qilishga, pul topishga o‘rgatishga butun imkoniyatlar ishga solinishini ta’kidlab o‘tdi. Bugungi kunda tub islohotlar samarasi eng chekka hududlarga ham yetib bordi. Yillar davomida odamlarni tashvishga solib kelgan ichimlik suvi, elektr energiya ta’minoti, yo‘l, tibbiy xizmat, ta’lim va boshqa sohalarga qaratilgan e’tibor aholi maskanlari, jumladan, tuman markazlari qiyofasini tubdan o‘zgartirdi. Buni xalqimiz ko‘rib, bilib turibdi. Shu sabab,“O‘zgarish va bunyodkorlik bugun Jizzaxda qanday bo‘y ko‘rsatdi?”, deb so‘rashsa, birinchi navbatda odamlarning dunyoqarashida, tushunchalarida aks etdi, degan bo‘lardim.

Yetti yilda odamlar dunyoqarashida yetmish yilda bo‘lmaydigan o‘zgarishlar ro‘y berdi... Buning sabablari, barcha e’tirof etayotgan ulkan bunyodkorlik jarayonlari bilan bir qatorda, bir qarashda yaqqol ko‘zga tashlanmaydigan, biroq turmush tarzimizning ajralmas qismiga aylanib qolgan o‘zgarishlarda ham mujassam... 

O‘ylab ko‘rilsa, yillar davomida ko‘pchilik ongiga singdirilgan davlatning har narsadan ustuvorligi, odamlar uning bir muruvvati ekanligi haqidagi tushunchalarni bartaraf etish uchun faqatgina quruq gap emas, amaliy ishlar ham talab qilinardi. Bugun joylarda odamlar bilan muloqotda bo‘lar ekanmiz, islohot samaralari har bir inson turmushida aks etayotganiga amin bo‘lishimiz mumkin.

Yana bir misol. Yaqin-yaqingacha odamlar uchun avtomobil sotib olish farovonlikning eng yuqori belgisi sifatida ko‘rilardi. Bugunchi... Mehnat qilib, daromad topayotgan oddiy aholi xonadonlarida nafaqat yurtimizda ishlab chiqarilgan balki xorijda ishlab chiqarilgan mashinalarni ham ko‘rish mumkin. Bu ham xalqimizning daromadi ko‘payganidan dalolat, albatta.

Biroq, har yaxshining bir yomoni bor, deganlaridek, afsuski, nima bo‘lsa “davlat berishi kerak”, degan boqimandalik tushunchasida yurganlar ham yo‘q emas. Davlatimiz rahbari ko‘rsatayotgan fidoyilikdan o‘rnak olish, “Vatan menga nima berdi, deb ta’ma qilmasdan, men shu Vatan ravnaqiga qanday hissa qo‘shdim?”, degan tushuncha bilan yashash vaqti kelgan. 

Bu borada mahallaga katta mas’uliyat yuklangan. Ma’lumki, mahalla odamning kimligini belgilaydigan, qo‘ni-qo‘shnilar quvonchli va tashvishli damlarda, yaxshi-yomon kunlarda bir birlariga yelkadosh, hammaslak, hamdard bo‘ladigan maskan. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va hayotimizdan chuqur o‘rin olgan xalq bilan “mahallabay” va “xonadonbay” muloqot qilib, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, joylardagi muammolarni o‘rganish hamda hal etish, aholining ehtiyojmand qatlami bilan manzilli ish olib borish bo‘yicha joriy qilingan mexanizm yildan-yilga takomillashib bormoqda. Bugun ishlayman degan, daromad topaman degan odam uchun mahallalarda barcha sharoitlar yaratilmoqda. Birgina joriy yilning aprel oyida viloyatimizda 9 ta tijorat banki tomonidan 2741 xonadonga 62 milliard so‘m kredit ajratildi. Bundan tashqari, aholi tomorqasidan samarali foydalanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit va homiylik hisobidan aholi xonadonlariga 112 mingdan ortiq tovuq, 17 ming 600 bedana, 7 ming 800 bosh qo‘y va echki, 1443 bosh qoramol, 1523 quti asalari yetkazib berildi.

To‘g‘ri, yechimini kutib turgan muammolar ham talaygina. Ularning eng asosiysi – aholi bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbalarini shakllantirishdan iborat. Ahamiyatli tomoni, bu muammolar ham bir paytlardagidek, yashirilayotgani yo‘q. Oshkora aytilmoqda, chora-tadbir izlanmoqda. Misol uchun, Jizzax viloyatida joriy yil yanvar-aprel oylarida 68 ming 180 nafar aholi bandligi ta’minlandi. Bu esa aholini kambag‘allikdan chiqarishga tashlangan qadam. Joriy yil may oyining boshida poytaxtimizda III Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri Aqilbek Japarovning: “– Bir paytlar biz Singapurga o‘xshashni orzu qilib, Janob Li Kuan Yu kitoblarini o‘qigan bo‘lsak, bugun hurmatli Shavkat Mirziyoyev chiqishlarini, O‘zbekiston hukumati amalga oshirayotgan ishlarni diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Bu anjumanga ham 100 nafardan ortiq delegatsiya a’zolari bilan keldik. Maqsadimiz – O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda yetakchi o‘ringa olib chiqqan tomonlarini o‘rganish”, degan gaplarini ko‘pchilik olqishlar bilan kutib oldi. 

Anjumanning yana bir mehmoni, Xitoy ijtimoiy ta’minot davlat vaziri maslahatchisi Yeng Liu Yang esa: “– Mamlakatingizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, respublikani iqtisodiy, ijtimoiy rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Bu jarayonga nafaqat davlat, hukumat a’zolari, balki oddiy xalq ham ishtiyoq bilan kirishganiga guvoh bo‘ldik”, – deb ta’kidladi.

Yuqori martabali mehmonlarning bu so‘zlari mulozamat emas, albatta. Bu so‘zlar so‘nggi yillarda yurtimizda kechayotgan tub islohotlar samarasining e’tirofi. Forum doirasida bunday e’tiroflarni ko‘plab xorijiy mehmonlar takrorlashdi. Bu e’tiroflar zamirida – Yangi O‘zbekiston g‘oyasi me’mori – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xalqimizning ishonch va qat’iyat bilan amalga oshirayotgan ulkan sa’y-harakatlari yotibdi. 

Qo‘lga kiritilgan bu yutuq va muvaffaqiyatlarning bardavom bo‘lishi esa siz-u bizga, Vatan taqdiriga, xalqimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimizga bog‘liq. 

Erkin Xolmatov,

O’zLiDeP Jizzax viloyati Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi

O’zLiDeP deputatlik guruhi rahbari.

O‘zA