BMT Bosh Assambleyasi minbarida aytilgan har bir fikr, ayniqsa davlat rahbarlarining nutqi, bu shunchaki siyosiy diplomatiya emas. Bu – xalqlarning ertangi kunini belgilovchi strategik yo‘nalish, xalqaro hamjamiyatga uzatilgan signal va ichki siyosatda olib borilayotgan islohotlarning global kontekstdagi talqinidir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT 80-sessiyasidagi chiqishi ham aynan shunday chuqur ma’no kasb etdi. Unda raqamlar, tashabbuslar va xalqaro munosabatlar haqida aniq gapirildi. Eng e’tiborli jihati, bu nutqda O‘zbekistonning islohotlar orqali barqaror xavfsizlikka erishish strategiyasi ochiq bayon etildi.
2025 yilning 23 sentyabri kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida mamlakatimiz rahbari tomonidan so‘zlangan nutq nafaqat siyosiy ma’noda, balki ilmiy-ma’rifiy jihatdan ham katta ta’sir kuchiga ega bo‘ldi. Unda nafaqat davlatimiz yo‘li, balki har bir o‘zbekistonlik fuqaroning bugungi va ertangi kuni aks etganini ko‘rish mumkin. Mazkur ma’ruzaning muhim nuqtasi – “Inson qadri” tamoyili asosidagi siyosat hisoblanadi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, barcha islohotlar markazida inson turadi. Haqiqatan ham, kambag‘allik darajasining 35%dan 6.6%ga tushishi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, texnologiyalar va kichik biznesdagi o‘sishlar – bularning barchasi mamlakatimiz aholisi hayotida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Yoki maktabgacha ta’lim qamrovining 27%dan 78%gacha oshishi, oliy ta’lim bilan qamrovning 9%dan 42%gacha ko‘tarilishi – bu raqamlar ortida millionlab yoshlarning orzu-umidlari yotibdi. Shuningdek, ta’lim, ayniqsa pedagoglarga berilayotgan e’tibor va xalqaro ta’lim platformalarini yaratish tashabbuslari – kelajak uchun puxta poydevor ekanini anglatadi. Shuningdek, nutqda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda "yashil energetika", transport infratuzilmasi va texnologik sanoatni rivojlantirishga jiddiy e’tibor berilmoqda. Bu nafaqat bugungi, balki kelajakda ham ekologik barqaror, fan va texnologiyaga asoslangan mamlakatda yashash imkonini beradi. Orolbo‘yi ekotizimini tiklash va 2 million gektar maydonda o‘simliklar ekilgani, faqatgina ekologiya masala bo‘lib qolmay, balki xalqimiz va kelajak avlod oldidagi katta ma’suliyatni his etilayotganini ham anglatadi. Xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muloqot, Yangi O‘zbekiston ilgari surayotgan zarur va dolzarb masalalar, takliflar diplomatik bayonot emas, balki amaldagi islohotlar mevasidir. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo, sarmoya va infratuzilma loyihalarining besh barobargacha o‘sishi, yaqin qo‘shnichilik munosabatlari esa mintaqadagi har bir fuqaroning tinch va barqaror hayoti uchun asosiy kafolatdir.
Yoshlarga qaratilayotgan e’tibor – ertangi kelajakning kafolati
Prezidentimiz nutqida alohida e’tibor qaratilgan masalalardan biri – yosh avlod taqdiri bo‘ldi. “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni tashkil etish, uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifi – bu biz uchun ulkan ishonch va katta mas’uliyat. Yoshlarning qalbiga tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini singdirish haqidagi so‘zlar nutqni tinglagan har bir yosh – o‘g‘il-qizga katta ruhiy kuch bag‘ishladi. Bu – faqat shior emas, balki o‘sib kelayotgan yangi O‘zbekiston farzandlari uchun “yo‘l xaritasi” bo‘lishi kerak.
Mamlakatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi orqali yana bir bor amin bo‘lish mumkinki: O‘zbekiston xalqaro miqyosda faol va mas’uliyatli davlat sifatida o‘zini namoyon qilmoqda. Inson qadri, tinchlik, barqaror rivojlanish va yoshlar masalasi kabi muhim masalalarda qat’iy pozitsiyada turish – bu bizning ertamizga umid bilan qarash uchun asosdir.
Takror aytish joizki, mazkur nutq,bu shunchaki siyosiy bayonot emas, balki ilm-fan, ta’lim, innovatsiya va ma’naviyat asosida yangi dunyo tartibini shakllantirishga даъvaтдир. Olimlar va tadqiqotchilar ushbu chaqiriqni anglab, o‘z bilim va tadqiqotlari bilan faol qatnashsa, nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqamizning kelajagi ravshan bo‘lgusi.
J. BOLTAEV,
Respublika Ma’naviyat
va ma’rifat markazi, bo‘lim boshlig‘i.