Andijonda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Yangi O‘zbekiston fotojurnalistlar nigohida” mavzusida fotoko‘rgazma tashkil etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami oldidan Andijon shahridagi “Jome” me’moriy majmuasi – Registon maydonida tashkil etilgan fotoko‘rgazmada 10 nafarga yaqin fotojurnalist o‘zining ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova, faxriy fotojurnalistlar Xursandbek Arabboyev, To‘raxon G‘ofurov va boshqalar tomonidan bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, Yangi O‘zbekistonning shakllanishi bilan bog‘liq jarayonlarni suratlarga muhrlash sharafli, qolaversa, o‘ziga xos mas’uliyatli vazifa ekanligi ta’kidlandi.
Bu borada ommaviy axborot vositalari, matbuot xizmatlarida ish olib boryotgan, shu bilan birga, nafaqada bo‘lsa-da, mazkur jarayonda faol ishtirok etayotgan fotograflar, ayniqsa, fotojurnalistlarning alohida o‘rni va roli borligi e’tirof etildi.
Ko‘rgazmada ishtirokchilarning kundan-kunga yuksalib borayotgan yurtimiz hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, davrimiz qahramonlarining qiyofasi, jamiyatdagi o‘ziga xos jarayonlar, tabiat manzaralari aks etgan 200 ga yaqin fotosuratlari namoyish etildi.
–Fotosurat bu fotoqog‘ozga muhrlangan tarix, – deydi ko‘rgazma qatnashchisi, faxriy fotojurnalist Xursandbek Arabboyev. – Ana shu tarixni, ayniqsa, Yangi O‘zbekistonimizning shakllanish jarayonlari aks etgan fotosuratlarni yaratish ijodkordan katta mas’uliyat, mahorat va professionallikni talab etadi. Ishonamanki, hamkasblarim tomonidan yaratilayotgan fotosuratlar bugungi kun nafasini to‘laqonli aks ettirishga yordam beradi.
[gallery-24659]
Fotoko‘rgazmada O‘zA fotomuxbiri Zuhriddin Umrzoqovning ijodiy ishlari ham mutaxassis va muxlislar tomonidan alohida e’tirof etildi.
Fotoko‘rgazma yurtimizdagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlarini keng targ‘ib etish, shu orqali yurtdoshlarimiz, yoshlar qalbida vatanga muhabbat, tinch va farovon hayotimizga shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari