Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston farzandlari har tomonlama sog‘lom bo‘lib voyaga yetadi
13:39 / 2021-08-15

Bolaning begonasi bo‘lmaydi, deydi mehribon xalqimiz. Bu maqol hikmati saxovatli zaminda yashab kelayotgan xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

Tarixdan ma’lumki, Ikkinchi jahon urushi yillarida va turli millat va davlatlar boshiga tashvish tushgan og‘ir davrlarda xalqimiz bag‘rikenglik bilan bolajon fe’lini namoyish etib, ota-onasiz yetim qolgan, bir og‘iz shirin so‘z va mehrga zor minglab bolalarga boshpana berdi, ularni o‘z farzandidan kam qilmay voyaga yetkazdi.

Jumladan, Ikkinchi jahon urushi davrida toshkentlik Shoahmad Shomahmudovlar oilasi ko‘rsatgan insonparvarlikning yuksak namunasi hamon tillarda doston. Temirchilar oilasi o‘sha mash’um yillarda turli millatlarning qarovsiz va yetim qolgan bolalarini asrab olib, ta’lim-tarbiya berdi. Bunga tarix guvoh.

Keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida boshlangan xalqparvlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik siyosati epkinida xalqimizning insonparvarlik xarakteri yana jo‘sh urmoqda. Bu qutlug‘ jarayonda ota-ona mehridan mosuvo, yetim bolalarning boshini silash, ularga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratish ezgu an’ana tusini olmoqda.

Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 28 iyulda poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 21-Mehribonlik uyiga tashrif buyurib, bu yerdagi sharoit bilan tanishgani va shu kuni nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum, yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda ijtimoiy nafaqalarni takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgani barchamizni quvontirdi.

Oradan ko‘p o‘tmay, 9 avgust kuni Prezidentimiz “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarni imzoladi.

Har ikki qaror yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Rostini aytish kerak, shu paytgacha Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini, ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarni ijtimoiy himoya qilayapmiz, deb yurdigu lekin amalda hech ifodasini ko‘rmadik.

Mehribonlik uyida sharoitlar yaratilgan bo‘lishi mumkin, lekin tarbiyalanuvchilar voyaga yetib, muassasa eshigidan tashqariga chiqishi, mustaqil hayotga qadam qo‘yishi bilan muammolar girdobiga sho‘ng‘irdi. Hech kim ularni so‘ramas edi. Shu bois, bunday yigit-qizlarning aksariyati real hayotning sinovlariga, qiyinchiliklariga dosh berolmay, turli qing‘ir yo‘llarga kirib ketardi. Bu ko‘z yumib bo‘lmas ayanchli haqiqat edi.

Prezidentimizning “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ana shu fojiali manazaraga ham barham beriladigan bo‘ldi.

Ya’ni, mazkur qaror bilan 2021 yil 15 avgustdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi joriy etiladi. Unga ko‘ra, endilikda o‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.  

Tan olish kerak bunday tizim mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor amaliyotga joriy etilmoqda va eng muhimi bu yuzlab sarson taqdirlarni izga solishga yordam beradi.

Qarorda yana biri juda muhim hayotiy jihatga e’tibor qaratilgan. Bu yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab o‘rnatilayotgan yangi tartibdir.

Unga ko‘ra, avvalo, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda joylashtiriladi. Shuningdek, ularga o‘rta-maxsus va oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar xarid qilish uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

Shuningdek, yana bir muhim jihat ham Prezidentimizning e’tiboridan chetda qolmadi. Bu ham bo‘lsa, o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining nodavlat ta’lim tashkilotlarining xorijiy tillar, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtihon topshiriladigan 2 ta fan, oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik, kompyuter savodxonligi va o‘zlarining qiziqishlaridan kelib chiqqan holda boshqa mos yo‘nalishlar bo‘yicha kurslarida o‘qish xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravarigacha miqdorda kompensatsiya qilinishidir. Bu, albatta, katta hayot ostonasida turgan mehr va e’tiborga muhtoj yoshlarimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Endilikda qaror bilan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qishni davlat oliy ta’lim muassasalarida davom ettirganda ularga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lovlari 50 foizga oshirilgan holda to‘lanadigan tizim joriy etilmoqda.  

Shuningdek, Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun OTMga qo‘shimcha qabul kvotalari joriy etilayotgani, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlarni xarid qilish xarajatlarini qoplab berish tartibini tasdiqlayotgani ham mamlakatimizda mehrga muhtoj yigit-qizlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor namunasidir.

Yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozim. Endi OTMni bitirgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarning keyingi taqdiri ham doimo nazoratda bo‘ladi. Bnda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi shakllantirgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ro‘yxati asosida ularning yirik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida har yili amaliyot o‘tashi tashkil etiladi. Bu esa ularning ishga joylashishi uchun qo‘l keladi. Buning uchun Prezident qarorida huquqiy asoslar ham mustahkamlandi.

Aytish joizki, qarorda Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalaridagi o‘g‘il-qizlari uchun sportning yakka kurash, futbol, suzish, tennis, shaxmat, chavandozlik kabi sprot to‘araklari tashkil etilishi ularning sog‘lom va baquvvat, ayni paytda, mamlakatimizda yuksalib obrayotgan sport turlari bilan shug‘ullanish, buning ortidan mazkur yo‘nalishlarda o‘z qobiliyatini namoyon etish imkonini beradi.

Bundan keyin barcha Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida sport zallari, futbol, voleybol, basketbol maydonlari, kurash va gimnastika hamda trenajyor zallari hamda basseynlar bilan ta’minlanadi.

O‘z navbatida, bizning universitetimiz jamoasi ham bu kabi xayrli va ezgu ishlarga munosib hissa qo‘shishga bel bog‘lagan. Shu maqsadda, Chirchiq shahridagi va boshqa hududlardagi Mehribonlik uylari, bolalar shaharchalari bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, bu yerda tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlarni kelajakda sog‘lom voyaga yetishi, oliy ta’lim olishi va kasb egallashi, umuman hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun aniq rejalar asosida ish boshlaymiz.

Maqsadimiz aniq: yangi O‘zbekiston farzandlari har tomonlama sog‘lom, ezgu ishlarni qilishga qodir, xalqchil islohotlarimizga daxldor bo‘lib voyaga yetsin. Toki, bu qutlug‘ zaminda hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin.

Mahmudjon BOLTABOEV,

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya

va sport universiteti rektori