Munosabat
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda energetika sohasi mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining asosiy ustunlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda. Sababi, bugun iqtisodiyotning tez sur’atlarda o‘sishi, aholi ehtiyoji ortishi va sanoat kengayishi energetika infratuzilmasini tubdan modernizatsiya qilishni taqozo etmoqda.
Shu bois, oxirgi yetti-sakkiz yil ichida davlatimiz rahbari boshchiligida sohada keng ko‘lamli bunyodkorlik loyihalari amalga oshirib kelinmoqda. Buni O‘zbekistonda barqaror energetika tizimini shakllantirish, “yashil” energiya ulushini oshirish, xalqaro hamkorlik va investitsiyalarni jalb qilish hamda aholi uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha Hukumatning izchil siyosati misolida ham ko‘rish mumkin.
Xususan, 5 dekabr kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Barqaror energetika – Yangi O‘zbekistonning kelajak sari ishonchli qadami” mavzusidagi anjumanda ham Prezidentimiz nutq so‘zlab energetika sohasidagi islohotlarning ikki asosiy maqsadidan biri – ishonchli va uzluksiz energiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish, ikkinchisi esa – zamonaviy, ekologik toza va qayta tiklanuvchi manbalar hisobiga energetika ta’minotini ta’minlash ekanligini ta’kidladi. Bu ikki yo‘nalish mamlakatning iqtisodiy barqarorligi va ekologik xavfsizligi uchun ustuvor ahamiyatga ega.
Jumladan, o‘tgan davrda sohaga 35 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etilib, 9 ming megavatt qo‘shimcha quvvatlar ishga tushirilgani energetika sohasiga bo‘lgan ulkan e’tibordan dalolatdir. Qolaversa, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining 2017 yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan 85 milliard kilovatt-soatga oshishi mamlakatning energetik mustaqillikka intilishini yorqin namoyish qiladi.
Eng muhim jihatlardan yana biri qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi izchil ravishda ortib borayotganidir. So‘nggi sakkiz yilda salkam 5 ming megavattli quyosh va shamol stansiyalari hamda 400 megavattli GESlar ishga tushirildi. Bu orqali mamlakatda “yashil” generatsiyaning ulushi 30 foizga yetdi. Bu o‘zgarishlar nafaqat energetika tizimi diversifikatsiyasi, balki yuqorida ta’kidlaganimizdek, ekologik barqarorlikni ham ta’minlaydi.
Eng muhim ekologik samaralardan biri toza energiya hisobiga 7 milliard kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinib, 11 million tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqishi oldi olinmoqda. Bu resurslar kelgusida yana minglab loyihalarni amalga oshirishda muhim homashyo vazifasini bajaradi.
Shuningdek, energetika tarmog‘idagi islohotlar faqat generatsiya quvvatlarini oshirish bilan cheklanib qolmayapti. Infratuzilmaning zamonaviylashtirilishi ham kun tartibidan muhim o‘rin egallamoqda. So‘nggi yillarda 69 ming kilometr elektr tarmoqlari, 14 mingta transformator, yuqori kuchlanishli podstansiyalar tubdan yangilandi.
Bu o‘zgarishlar aholi, sanoat va qishloq xo‘jaligi uchun energiya ta’minoti barqarorligini oshirdi. Shu bilan birga, mahalliy korxonalarning ushbu jarayonlardagi ishtiroki milliy ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlarini kengaytirib, ularning qiymat zanjiridagi o‘rnini mustahkamlamoqda. Eng muhimi minglab aholi o‘z uyidan olis bo‘lmagan hududda daromadli ish o‘rinlariga ega bo‘lganligidir.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Turkiyaning “AKSA”, “Cengiz Enerji”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar”, Xitoyning “China Energy”, “Datang”, “Sinoma”, “Poly”, “CNTIC”, “Eagle Ray”, Fransiyaning “EDF”, “Voltalia”, “Total Energies”, Germaniyaning “Siemens Energy” va Qatarning “Nebras” kompaniyalari bilan hamkorlikda nafaqat investitsiya, balki global innovatsion yechimlar O‘zbekiston va mintaqaga tadbiq etilmoqda.
Energetika sohasidagi 42 ta ob’ektning ishga tushirilishi va 11 milliard dollarlik loyihalarning amalga oshirilishi mamlakatning xalqaro ishonchini kuchaytirdi. Yana 21 ta loyihaga start berilishi kelgusida energetika quvvatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Xususan, 2030 yilgacha 17 ming megavatt qo‘shimcha “yashil” quvvatlar ishga tushiriladi. Natijada, “yashil” energiyaning umumiy generatsiyadagi ulushi 54 foizga yetkaziladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, “yashil” energetika sohasidagi islohotlar partiyamizning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturidagi kelgusi besh yillikda mavjud energiya quvvatlarining kamida 30 foizini muqobil energiya manbalari tashkil etishiga erishish, jahonning ilg‘or texnologiyalariga asoslangan holda milliy avtosanoatda elektr dvigatelli yengil avtomobillar, avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda 2030 yilga qadar ichki yonuv dvigatelli transport vositalarining kamida 30 foizini ekologik toza transport vositalariga almashtirish kabi maqsadlari ijrosiga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Xulosa qilib aytganda, ushbu xalqro anjuman va unda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar O‘zbekistonning energetika siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan mustahkam qadam deyish mumkin. Qolaversa, ushbu yo‘nalishdagi islohotlar nafaqat iqtisodiy samara, balki ekologik barqarorlik, xalqaro integratsiya, aholi farovonligi va texnologik yangilanishni ta’minlamoqda.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
Yunsobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika mudiri,
“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi.
O‘zA