Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Yangi O‘zbekiston davlati» kitobi hamda «Yangi O‘zbekiston» plakatlar to‘plami taqdimotlari bo‘lib o‘tdi
10:32 / 2023-08-22

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan davlat arbobi, akademik Oqil Salimovning “Yangi O‘zbekiston davlati” nomli kitobi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan “Yangi O‘zbekiston” plakatlar to‘plami taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar vakillari, yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, pedagoglar va iste’dodli yoshlar ishtirok etdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi raisi o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori, akademik A.Saidov, “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi, akademik O.Salimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator M.Hojimatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyid, O‘zbekiston  Milliy media assotsiatsiyasi  Boshqaruvi raisi,  Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sh. Qudratxo‘jayev va boshqalar  yangilanish jarayonlari  vatandoshlarimiz hayotida ham aks etayotganini ta’kidladi.

Taqdimotdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimiz aholisi, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, xalq va davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlash, mamlakatimizning bugungi nafasi, yangilanish jarayonlari mazmun-mohiyatini xolis va ta’sirchan tarzda yetkazish, yoshlarning yanada faol va tashabbuskor bo‘lishiga xizmat qilishdan iborat.  

– Har bir xalq yoki millatning orzu-umidlari, kelajak haqida rejalari, xayrli niyatlari, tinch-totuv yashash, farovon hayot kechirish, barqaror taraqqiyot bilan bog‘liq orzulari bo‘ladi, - dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari M.Hojimatov. – Yangi O‘zbekiston tushunchasi mamlakatimizning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, yurtimizda demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi islohotlarning tayanch g‘oyasini ifoda etadi.  

“Yangi O‘zbekiston orzusi” asrlar davomida xalqimizni ezgu amallar sari ruhlantirib, uning iymon-e’tiqodini g‘ayriinsoniy g‘oyalardan, millatni turli tahdidlardan muhofaza qilib, o‘ziga xos ma’naviy qalqonga aylandi. Shu tariqa, uzoq o‘tmishdan hozirgi davrga qadar milliy tafakkurimiz negizida shakllanib kelgan, turli g‘oya va amaliy harakatlarda o‘z ifodasini topgan el-yurtimizning orzu-umidlari bugungi kunda Yangi O‘zbekiston tushunchasida mujassam bo‘lmoqda. O.Salimovning yangi kitobi Vatanimiz mustaqilligining 32-yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi. Kitobda muallifning “Yangi O‘zbekiston davlatining fenomenal asoslari” haqidagi mulohazalari batafsil ochib berilgan.  

N. Usmonova, O‘zA