O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
Qaror bilan:
“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom;
“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi tavsiflari tasdiqlandi.
Nizom “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
Ko‘krak nishoni bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib kelayotgan, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun kuch-g‘ayrati, zamonaviy bilim va malakasi, ma’naviy-intellektual salohiyatini namoyon etayotgan, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini yuksaltirishga va shon-shuhratini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ilg‘or tashabbuslari, vatanparvarligi, fidoyiligi va namunali faoliyati bilan ajralib turgan fuqarolar taqdirlanadi.
Nizomga muvofiq, ko‘krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Ko‘krak nishoniga nomzodlar ro‘yxati Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari, maktablar, Prezident maktablari va “Yangi O‘zbekiston” universiteti bitiruvchilari, “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi va uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dasturi ishtirokchilari, shuningdek, dunyoning nufuzli oliy ta’lim va boshqa tashkilotlarida bilim va tajriba orttirgan iqtidorli vatandoshlarni birlashtiruvchi platforma sifatida faoliyat yurituvchi - Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati doirasida shakllantiriladi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan nomzodlar ro‘yxatini shakllantirish, taqdim etish va ko‘rib chiqish masalalarini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ishchi organ vazifasini bajaradi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid taqdimnomalarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 9 kishidan iborat tarkibda ishchi guruh tashkil etiladi.
Ishchi guruh tomonidan nomzodlarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlashda qo‘yidagi mezonlar inobatga olinadi:
Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida nomzodning faol fuqarolik pozitsiyasi va yondashuvlari;
davlat dasturlarini ishlab chiqish va strategik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etganligi;
o‘zining zamonaviy bilim va malakasi, ma’naviy-intellektual salohiyati, ilmiy-innovatsion loyihalari, kreativ g‘oya va amaliy takliflari bilan mamlakatimiz taraqqiyotini yuksaltirish va uning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga qo‘shgan hissasi;
davlat va jamiyat manfaatlariga daxldor bo‘lgan iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, ekologiya kabi sohalarda dolzarb muammolarni hal qilishdagi alodida tashabbuslari va faol ishtirok etganligi;
zamonaviy va ilmiy jihatdan asoslangan ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida amaliyotga tatbiq etganligi;
nomzodning “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirishdagi ishtiroki va natijadorligi;
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati faoliyatini yo‘lga qo‘yish va uning samarali ish yuritishini ta’minlashga qo‘shgan hissasi;
namunali xulq-atvori, vatanparvarligi, fidoyiligi, o‘qish va mehnat faoliyatidagi muvaffaqiyatlari hamda jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari.
Ko‘krak nishoni bilan chet el fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda taqdirlanadi.
Ko‘krak nishoni har yili Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyatining qurultoyida topshiriladi.
O‘zA