Andijondagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan respublika bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Adirlik bag‘rida barpo etilayotgan Yangi Andijon shahridagi Yangi O‘zbekiston bog‘ida xalq sayli tashkil etildi. Unda rassomlarning ijodiy ishlari, hunarmandlar tomonidan tashkil etilgan hunarmandchilik mahsulotlari, shuningdek, Milliy markazlarning liboslar ko‘rgazmalari, yosh sportchilar, jajji bolajonlarning chiqishlari tadbir qatnashchilari va mehmonlarida unutilmas taassurot qoldirdi.
Yangi O‘zbekiston bog‘i amfiteatrida o‘tkazilgan bayramning rasmiy tadbiri hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi. Tabrik va qutlovlar barchaga xushnudlik bag‘ishladi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Xalqaro Turkiy madaniyat tashkilotining (TURKSOY) bosh kotibi Sulton Rayev, taniqli san’atkorlar, madaniyat xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokidagi tadbirda so‘z olganlar madaniyat va san’at xodimlarini kasb bayrami bilan muborakbod etdi.
[gallery-22893]
Yurtimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati hamda san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarish, sohaning fidoyi vakillari mehnatlarini qadrlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Obod va tinch yurtimizga bayramlar yarashadi. Shu ma’noda mazkur bayram tadbiri xalqimizning hamjihatligi, intilishi, samarali mehnatlari, tinch va osoyishta kunlarga shukronaligining namoyishi bo‘ldi.
Bayram tantanasida fidokorona mehnat qilayotgan, qolaversa, yurtimiz madaniyati va san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 60 nafarga yaqin soha fidoyilari “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi. Shuningdek, tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga Xalqaro Turkiy madaniyat tashkilotining (TURKSOY) “Oltin medali” topshirildi.
Taniqli san’atkorlar, qo‘shiqchilar, estrada yulduzlari ishtirokidagi badiiy dastur barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari