Bolalar hayotimiz mazmunining ajralmas qismidir. Kichkintoylar o‘z tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otadilar. Ko‘zlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirg‘och misoli. Shu bois ham mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan har tomonlama barkamol avlod tarbiyasiga yuksak e’tibor qaratilib, ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni ham bolajon yurt va baxtiyor bolalar mamlakati bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda bu yil yanada o‘zgacha ruh va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi.
Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mamlakatimizning turli hududlarida “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari” shiori ostida bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Bunday tadbirlardan Mehribonlik uylari va “Oilaviy bolalar uylari” tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab-internatlari o‘quvchilari, xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiylar va Ichki ishlar idoralari xodimlari farzandlari, ota-ona mehridan bebahra qolgan bolalar va ehtiyojmand oilalar o‘g‘il-qizlari shod bo‘lmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida o‘tkazildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tantanali tadbirga Toshkent shahridagi 22- va 30-Mehribonlik uylari hamda “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari” Toshkent filialida tarbiyalanayotgan, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalardan bo‘lgan o‘g‘il-qizlardan 1000 nafarga yaqin bolajon taklif etildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta tiklanib, xalqimizga taqdim etilgan mazkur muhtasham saroyda bolajonlar harbiy orkestr ijrosidagi kuylar sadosi ostida kutib olindi. Yosh avlod vakillariga peshvoz chiqqan ertak qahramonlari va sirk artislari ishtirokida tashkil etilgan madaniy tadbir esa bolajonlar quvonchiga yanada quvonch qo‘shdi.
Shundan so‘ng bolajonlar uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyi qoshidagi “Qaldirg‘och” bolalar san’at markazi tomonidan maxsus sahnalashtirilgan “Super Qorasoch” musiqali spektakli namoyish etildi.

Kasaba uyushmalari saroyi ijodkorlari sahanalashtirgan “Super Qorasoch” spektakli orqali inson qadri ulug‘langan, barkamol avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilayotgan Yangi O‘zbekistondagi ezgu ishlar targ‘ib etildi. Xususan, o‘zga sayyoradan Yer sayyorasiga tushib qolgan bosh qahramon – Qorasoch barcha sa’y-harakatlar inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan va bag‘rikenglik, mehr-oqibat, birdamlik oliy qadriyatga aylangan Yangi O‘zbekistonni ko‘rgan zahotiyoq sevib qoladi. Ana shunday yurtdagina o‘zini chinakamiga baxtiyor his eta olgan boshqa qahramonlar ham Yangi O‘zbekistonda qolishga qaror qiladilar.,,
Spektakldan so‘ng bolajonlar bayram dasturxoniga taklif etilib, madaniy tadbirda ham ishtirok etdilar.
Shundan so‘ng bolajonlar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizligi institutida bo‘ldilar.

Ushbu maskan bo‘ylab tashkil etilgan sayohat davomida o‘g‘il-qizlarga Milliy gvardiya faxriy qorovul qo‘shinlarining, harbiy orkestr va otliq askarlarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Bularning barchasi yosh avlod vakillarida katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan yurtimizning barcha hududlarida mehnatkashlar farzandlari uchun xuddi shu kabi madaniy-ma’rifiy bayram tadbirlari tashkil etilib, bolajonlarga bayram sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, Mehribonlik uylari, Oilaviy bolalar uylari, maxsus maktab-internatlar, kam ta’minlangan, ko‘p bolali va boquvchisini yo‘qotgan oilalarda tarbiya topayotgan o‘g‘il-qizlar holidan xabar olinib, xush kayfiyat ulashildi hamda sport jihozlari, kiyim-kechaklar va kitoblar to‘plamlari hadya etildi.
Muhabbat O‘rmonbekova,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari