16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni
Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘linmasi tashabbusi bilan Buxoro davlat universitetida 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston – bag‘ri keng diyor” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda o‘zbek xalqi millatlararo totuvlik, do‘stona munosabat, bag‘rikenglik timsoli, qolaversa, tarixi bir necha ming yilliklarga tutash ko‘hna va boqiy Buxoro qadim Sharq sivilizatsiyasi beshiklaridan biri sifatida tan olingani ta’kidlandi.
Buxoro viloyatida 40 ga yaqin millat va elat vakillari bir oila bo‘lib yashab kelmoqda. Ayni kunda 12 milliy madaniy markazlar faoliyat olib bormoqda.
[gallery-26210]
– “Xalqaro bag‘rikenglik kuni”ga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar haftaligi o‘ziga xos an’ana ko‘rinishini olayotgani joylarda aholi, ayniqsa, yosh avlodni, viloyatda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir, – deydi tojik-fors milliy madaniy markazi rahbari Rauf Avezov.
YUNESKO xalqaro tashkiloti shafeligida dunyoda tinchlik, millatlar va elatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishda qator ishlar amalga oshirildi. Bag‘rikenglikka oid 70 dan ziyod xalqaro hujjat qabul qilingan. 1995 yil 16 noyabrda Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida e’lon qilingan “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” bu sa’y-harakatning yorqin namunasidir.
– Hozirda mazkur sana butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida keng nishonlanmoqda, – deydi turk milliy madaniy markazi rahbari Juma Shukurov. – Mamlakatimizda tinchlik, osoyishtalik, munavvar kunlarimizning qard qimmatini yosh avlod qalbiga joylash, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida insonparvarlik g‘oyalarini mustahkamlashga e’tibor ortdi. Ana shunday dorilamon kunlar omili bo‘lgan diniy bag‘rikenglik, millatlararo do‘stlik tamoyillarini yanada barqarorlashtirishga alohida yondashib kelinayotgani ham maqsadga muvofiq.
Ayni kunda viloyatda 12 ta milliy-madaniy markaz, 10 ta noislomiy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Mazkur markazlar a’zolarining Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida qilayotgan mehnatlari munosib baholanib, turli yillarda nufuzli davlat mukofotlari bilan taqdirlanishgani ham insonparvarlik namunasi, albatta.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.