Ma’lumki, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i O‘zbekistonning eng yirik va noyob tabiiy hududlaridan biri bo‘lib, uning umumiy maydoni 574 ming 600 gektarni tashkil etadi.
Mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash, noyob o‘simlik turlarini asrab-avaylash va ularning geografik tarqalishini aniq baholash maqsadida Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i mutaxassislari hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari hamkorligida keng ko‘lamli ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Xususan, “O‘zbekistonning transchegaraviy hududlari bioxilma-xillik markazlari va ularning zamonaviy holati” mavzusidagi fundamental loyiha doirasida G‘arbiy Tiyon-Shon tog‘ tizmasining chegaraoldi mintaqalari bo‘ylab dala tadqiqotlari tashkil etilib, o‘simlik turlarining xilma-xilligi, ekologik guruhlari, populyatsion dinamikasi va antropogen omillar ta’siri o‘rganilmoqda.

Muhimi, erishilayotgan natijalar nafaqat milliy bog‘ning ekologik monitoringini takomillashtirishga, balki butun mintaqa bo‘yicha transchegaraviy tabiiy hududlarni qo‘shma boshqarish, ular uchun umumiy muhofaza strategiyalarini ishlab chiqish va xalqaro ekologik hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
– Joriy yilda tabiat bog‘i hududida joylashgan Oygaing havzasining Tekeshsoy, Ayutor, Ko‘ksuv, Barkiraksay, Tuyaqorin soylari bo‘ylab floristik va geobotanik tadqiqotlar amalga oshirildi. Jarayonda mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonning Qizil kitobiga kiritilgan 8 ta Oq parpi, Tuk kosachali astragal, Gaysimon dimorfsiadiy, Komarov bo‘zboshi, Tikanli bo‘zbosh, Oqgulli shirachi, Sarg‘ish lola va Kaufman lolasi o‘simlik turining uchrash joylari aniqlandi. Ularning holati monitoring qilindi. Natijada Milliy bog‘ hududlarida chorva mollari boqilmayotgani sababli o‘simlik turlarining holati qoniqarli ekani ma’lum bo‘ldi, – deydi Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i katta ilmiy xodimi Ulug‘bek Qodirov.
Olib borilgan dala tadqiqotlari davomida Oygaing daryosi va Koksu soyining yuqori qismida ikki xil tol turlari topildi. Bu turlar ilgari O‘zbekiston florasida qayd etilmagan. U “Karelin” toli va “Ko‘kimtir” tol yoki “Kulrang” tol deb nomlanadi.
Ushbu kashfiyot O‘zbekiston o‘simlik turlari boyligi va biologik xilma-xilligini yanada boyitadi. Kelgusida ushbu turlarni chuqurroq o‘rganish, ularning tarqalish doirasi va tabiiy muhofazasi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.
A. Musayev, O‘zA.