Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida yozgi ta’til davrida bolalarning sog‘lom va mazmunli hordiq chiqarishi, do‘stlar orttirishi hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan muhim tashabbus amalga oshirildi. Quvonarlisi shundaki, 200 o‘rinli zamonaviy bolalar oromgohi foydalanishga topshirildi.
Mazkur oromgoh tubdan rekonstruksiya qilinib, xalqaro standartlar va xavfsizlik talablari asosida qayta qurildi. 10 gektar maydonda joylashgan bu inshoot bolalar uchun barcha qulaylik va zamonaviy infratuzilmalarni o‘z ichiga olgan.

Oromgoh hududida shinam yotoqxonalar, amfiteatr, oshxona, suzish havzasi, futbol, basketbol, voleybol va badminton maydonchalari, “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi hamda turli attraksionlar mavjud. Barcha yotoqxonalar zamonaviy mebellar bilan ta’minlangan. Bolalarning gigiyena, xavfsizlik va qulay yashashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Ochilish marosimida bolalar tomonidan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, vatan, tinchlik va bolalik mavzularidagi kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar namoyish etildi. Tadbir bayramona kayfiyatda o‘tib, ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi. Shuningdek, marosimda Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutasaddilari, mahalliy Kengash deputatlari, ota-onalar, kasaba uyushmalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ular tomonidan oromgohda yaratilgan imkoniyatlar yuqori baholandi.

– Bu oromgoh nafaqat bolalarning hordiq chiqarishi, balki ularning do‘stlik muhitida tarbiya topishi, intellektual va ijtimoiy salohiyatini oshirish uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratadi, – deydi Sirdaryo tuman hokimi Azizbek Turdimurodov. – Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan bunday loyihalar yosh avlod kelajagiga qaratilgan e’tiborning yorqin namunasidir.

– Kasaba uyushmalari tizimi doimo bolalar manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Bunday zamonaviy oromgohlar farzandlarimizning sog‘lom, bilimli va ma’nan yetuk shaxslar sifatida voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar rivojlangan davlatlar darajasida. Bizning esa vazifamiz – shunday inshootlarni har bir hududda ko‘paytirish, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Rustambek Tursunmuradov.

Eng muhimi, ushbu oromgoh yozgi ta’til mavsumi davomida yuzlab bolalar uchun xotiralarga boy, xavfsiz va mazmunli hordiq maskaniga aylanishi kutilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri