Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi o‘quv yilini boshlashga shaymiz
14:41 / 2022-08-29

Yangi o‘quv yili boshlanishiga bir hafta muddat qoldi. Maktab o‘quvchilari, ayniqsa, 1-sinfga boradigan jajji o‘g‘il-qizlarimiz maktab boshlanishini intiqlik bilan, katta his-hayajon bilan kutishmoqda. Umumta’lim maktablari ham yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni o‘z bag‘riga olishga shay holatga keltirilmoqda. Mamlakatimizning har bir hududidagi maktablarda bu jarayonga hozirlik ko‘rilib, so‘nggi bosqichdagi ishlar qizg‘in pallada ketmoqda.

Bu borada Yunusobod tumanidagi 12-umumta’lim maktabining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati bilan qiziqdik.  

— Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari olib borilib, bugungi kunda barcha sinfxonalarimiz, fan xonalarimiz, sport zal va maydonlarimiz, oshxona, kutubxona, hojatxona — barchasi tayyor holga keltirildi, — deydi ta’lim maskani direktori Gulnora Ergasheva. — Maktabimiz 784 o‘ringa mo‘ljallangan, ammo bugungi kunda 1 ming 20 nafar o‘quvchi mavjud. Shuning uchun darslarimiz 2 smenada tashkil etilmoqda. 1-sinfga kvota bo‘yicha, onlayn tarzda 175 ta bola qabul qilindi. 5 ta sinfdan iborat bo‘lib, 3 tasi rus, 2 tasi o‘zbek sinfi hisoblanadi. Hozir buyurtma asosida 1-sinf o‘quvchilarimizga Prezident sovg‘asini qabul qilish arafasida turibmiz.  5 ta 1-sinf uchun sinfxonalarimiz talab darajasida tayyor qilib qo‘yilgan. Ota-onalar kelib, bu jarayonlar bilan tanishmoqda. Ularga bolalari qaysi smenada o‘qishi ma’lum qilindi.  

O‘quvchilarimizni darslik va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilib, zarur choralar ko‘rildi. Maktab darsliklari bo‘yicha muammo yo‘q, hammasi yetarli. O‘quvchilarimizga maktab darsliklari tarqatib bo‘lindi. Chunki bayram arafasida 4 kun dam olish bo‘lgani bois, 5 sentyabrdan dars jarayoniga tayyor holda kelishlari uchun darsliklar tarqatildi.  

Ta’lim muassasamizda 52 nafar pedagog faoliyat olib boradi. Fan o‘qituvchilarimiz, jihozlarimiz yetarli. Shu o‘rinda alohida qayd etishim kerakki, bu yilgi o‘quv jarayonini yaxshi yangiliklar bilan boshlayapmiz. Bu yil “Ochiq byudjet” portali orqali 10ta elektron doska, 4ta monoblok kompyuterlar yutib oldik. Ular ham sinfxona va fan xonalariga joylashtirilib, o‘quvchilar foydalanishi uchun taqdim etiladi. 

Yangi o‘quv yili oldidan ota-onalar bilan yig‘ilish o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borildi. Xususan, yagona maktab formasi borasidagi turli murojaatlar bo‘yicha tushuntirish ishlari o‘tkazildi. Vazir tomonidan bu yil ham yagona maktab formasi majburiy emasligi aytilganidan so‘ng o‘quvchilarimiz ixtiyoriy, ya’ni oq-qora ko‘rinishdagi maktab formasida bo‘lishlari tushuntirildi.  

Bir so‘z bilan aytganda, bugun maktabimiz yangi o‘quv yilini boshlashga, o‘quvchilarni qabul qilishga shay holatda. Ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibordan ruhlanib, kutilayotgan natijalarni his qilgan holda o‘quvchilarimizga sifatli ta’lim berishga mas’uliyat bilan yondashamiz.  

 

Muhtarama Komilova yozib oldi, 
O‘zA