2025-2026 o‘quv yilida umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘quvchilar hamda tarbiyalanuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Buxoro viloyatida qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Ayni paytda Investitsiya dasturi asosida viloyatdagi 20 ta umumta’lim maktablari, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internati va 7 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda 1 ta yangi ta’lim muassasasi qurilib, 15 tasida rekonstruksiya, 5 tasida kapital ta’mirlanadi.

”Islom” taraqqiyot banki va “Opek” xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida 33 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida, 40 ta umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bunda 12 ta yangi ta’lim muassasalari barpo etilib, 43 tasi rekonstruksiya,18 tasi mukammal ta’mirlanadi.
Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 39 ta umumta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim tashkilotlari quvvatini oshirish, mavjud muassasalarni mukammal ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, buning uchun 82. 14 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Vazirlar Mahkamasining “Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyatdagi 42 ta umumta’lim maktabi hamda 24 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 54 ta umumta’lim maktabi hamda 5 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari boshlab yuborildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.