English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik davom etmoqda
09:44 / 2023-08-02

Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi va uning shahar, tuman bo‘limlari, tuman hokimligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari biriktirilgan ishchi guruhi a’zolari tomonidan umumta’lim maktablarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi va umumiy holati o‘rganilmoqda.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, senator Sanobar Suyarova boshchiligidagi ishchi guruhi hududlarda o‘tkazilayotgan o‘rganish jarayonlarida umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish, amaliy va metodik yordamlar ko‘rsatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ushbu jarayon davomida ishchi guruhi vakillari viloyatdagi Zafarobod, Mirzacho‘l, Do‘stlik, Forish tumanlaridagi mavjud barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bo‘lib, ushbu o‘quv muassasalarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi va umumiy holatini atroflicha o‘rganib chiqdi, yuzaga kelgan xato va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish chora-tadbirlari belgilandi.

O‘rganish ishlari so‘ngida jarayon tanqidiy nuqtai nazardan tahlil qilib borilmoqda. Maktablarning umumiy holati, yangi o‘quv yiliga tayyorligi, kutubxona va darsliklar, ta’lim tashkiloti rahbarlarining aholi murojaatlari bilan ishlashi borasidagi ko‘rsatgichlari yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida vazifa va takliflar bildirildi. 

Shuningdek, boshqarma va tuman hokimliklari hamkorligida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, qo‘shma qarorlar imzolanmoqda. Bundan tashqari, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan Prezidentimizning 2023 yil 26 maydagi “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonning mazmun-mohiyati yuzasidan ham atroflicha ma’lumot berilmoqda.

Umumta’lim maktablarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi va umumiy holatlarini o‘rganish ishlari viloyatning boshqa hududlarida ham belgilangan jadval asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

A.QAYUMOV,

O‘zA