2025 yil 3 sentyabrdan yurtimizning barcha oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Shu jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham 2025/2026-o‘quv yili ko‘tarinki ruhda qarshi olindi.
Mazkur o‘quv yili universitet hayotida katta islohotlar va yangiliklar yili bo‘lishi kutilmoqda. Jumladan, o‘tgan o‘quv yilidan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Registrator ofisi” bu yil ham yanada takomillashtirilmoqda. Shuningdek, bosqichma-bosqich “Smart universitet” konsepsiyasi amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Tantanali yig‘ilishda ta’kidlanganidek, universitet mamlakatimiz oliy ta’lim tizimidagi islohotlar jarayonida doimo peshqadam bo‘lib kelmoqda. Joriy yilda 1100 dan ziyod yoshlar ushbu dargoh talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lishdi. Ulardan eng yuqori ball to‘plab kirgan yigit-qizlar o‘z quvonchlarini izhor qilib, ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir “Mustaqillik darslari” bilan uzviy bog‘lanib, dastlabki ma’ruzani universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida olib bordi. Ushbu ma’ruza Zoom platformasi orqali barcha 1-bosqich talabalari uchun bevosita va bilvosita shaklda tashkil etildi.
Akademik Shuhrat Sirojiddinov o‘z so‘zida shunday ta’kidladi:
“Biz Yangi O‘zbekiston kelajagini sizning ko‘zlaringizda ko‘ramiz. Bizning maqsadimiz – talabalarimizni ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol, ma’naviyati va dunyoqarashi yuksak, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi etib tarbiyalashdir.”
Bir so‘z bilan aytganda, yangi o‘quv yili endigina talaba bo‘lgan ilmli yoshlar bilan bir qatorda universitet professor - o‘qituvchilari uchun ham birdek hayojonli davr. Shu fursatdan foydalanib biz ham talaba yoshlarimizga omad tilab, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishishlariga tilakdoshmiz.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4ydWPqo-Sw8" title="Yangi o‘quv yiliga start berildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, U.To‘xtayev (video), O‘zA