Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi o‘quv yilidagi ustuvor vazifalar belgilandi
14:55 / 2025-08-18

Samarqandda “Mahoratli o‘qituvchi – millat tayanchi” shiori ostida to‘rtinchi ustozlar milliy forumi o‘tkazildi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbar va pedgoglari, hamkor tashkilotlar mutasaddilari qatnashgan tadbir avvalida Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev so‘zga chiqib, viloyatda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari, o‘tgan o‘quv yili yakunlari va yangi o‘quv yilida soha xodimlari oldida turgan vazifalarga e’tibor qaratdi.  

Bugungi kunda viloyatda 1272 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 44 ta xususiy maktab, 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab va 1 ta Prezident maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu muassasalarda 771 ming nafar o‘quvchiga 61 ming 500 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda.  

O‘tgan o‘quv yilida maktab bitiruvchilarining 1889 nafari oltin medal bilan 11-sinfni tugatdi, 342 nafar bitiruvchi xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalariga grant yutib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi. 15 nafar o‘quvchi xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatli qatnashdi.  

– Viloyatimizda o‘qituvchi va o‘quvchilarimizning yutuqlari salmog‘i ortib borayotgani quvonarli, albatta, – dedi A.Boboyev. – Lekin yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar ham kam emas. 86 ta maktabimizda ta’lim darajasi past bo‘lib turibdi. Pedagoglarning sifat tarkibi, ya’ni oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi bo‘yicha viloyatda o‘rtacha ko‘rsatkich 31 foizni tashkil etsa-da Urgutda 24,2 foiz,  Ishtixonda 25,7, Kattaqo‘rg‘on tumanida 26,1, Pastdarg‘omda 26,6, Payariq va Nurobodda 27 foizligi shu hududlar rahbarlarini o‘ylantirishi kerak. Xorijiy til fan o‘qituvchilarining milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarni olish bo‘yicha ham ko‘rsatkichlarimiz yaxshi emas. Misol uchun, bugungi kunda viloyatdagi umumta’lim maktablarida 5384 nafar xorijiy til fani o‘qituvchilari faoliyat olib borib, shundan 1699 nafari  yoki 31 foizi sertifikat olmagan. Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlaridan ham ko‘ngil to‘lmaydi. Joriy yilda 50286 nafar maktab bitiruvchisidan 13499 nafari (26,8 foiz) davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan. Bu ko‘rsatkich Urgutda 15 foizni, Samarqand tumanida  

19,7 va Samarqand shaharda 24,7 foizni tashkil etmoqda.  

Viloyat hokimi maktablar moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida ham yechimini kutayotgan masalalarga to‘xtalib, tuman va shaharlar hokimlari oldiga aniq vazifalar qo‘ydi.

[gallery-24805]

Samarqand viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Hamdamov o‘tgan o‘quv yili yakunlari haqida axborot berib, 2025/2026 o‘quv yilida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar haqida so‘z yuritdi. Viloyat hokimi  qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish soha mas’ullari va o‘qituvchilar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashini ta’kidladi.

Forumda viloyatning bir guruh faol va tashabbuslar o‘qituvchilariga viloyat hokimligi hamda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.  

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri