Yurtimizda har yili yangi o‘quv yilining boshlanishi mustaqillik bayrami bilan uyg‘un holda nishonlanishi o‘ziga xos an’anaga aylangan. Bu jarayon nafaqat ta’lim muassasalarida, balki turli tashkilot va jamoat hayotida ham ma’naviy yuksalish, yangi marralarga intilish hamda kelajak avlod uchun kuchli rag‘bat manbai sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialida tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda qator tashkilotlar vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni filial ijrochi direktori Abdulla Magrupov ochib berdi. U o‘z nutqida yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, ta’lim sohasi yurtimiz taraqqiyotining poydevori hisoblanadi. Bugun oliy va umumiy o‘rta ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yoshlarimizni zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalar bilan ta’minlash, ularning dunyoqarashini kengaytirish hamda raqobatbardosh mutaxassislar sifatida kamol topishlariga xizmat qilmoqda. Shu orqali jamiyatimiz taraqqiyoti va mamlakatimiz istiqbolini belgilaydigan yangi avlod shakllanib bormoqda.

Shuningdek, tadbir doirasida mehnat fidoyilarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan, oliy ta’limdagi ilmiy-uslubiy faoliyati va fidokorona mehnati uchun bir qator professor-o‘qituvchilar “O‘zbekneftgaz” AJning faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Turli stipendiya tanlovlarida faol ishtirok etgan iqtidorli 23 nafar talabaga maxsus sertifikatlar va mukofotlar topshirildi. 10 nafari esa “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasiga sazovor bo‘lgan yoshlardir.
Tadbir yakunida talabalarning ijodiy chiqishlari ishtirokchilarda ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA