French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi o‘quv yilida ta’limga yangicha yondashib
11:23 / 2025-08-13

Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida IV Ustozlar milliy forumining Toshkent shahar bosqichi tashkil etildi.

Mazkur forum yangi o‘quv yili oldidan barcha pedagoglarga motivatsiya berish, yangicha yondashuv asosida ta’lim jarayoniga yondashishni ko‘zda tutishi bilan ahamiyatli.

O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov ushbu forum nainki fikr almashish, balki o‘ziga xos munozara, muhokama maydoniga aylanishi zarurligiga e’tibor qaratdi.

Hozirgi shiddatli taraqqiyot zamonida yosh avlodni ta’limga qiziqtira olish, ularning iqtidori va ma’rifiy salohiyatini to‘g‘ri shakllantirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi.

–Mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha jabhalari, ayniqsa, ta’lim sohasida katta ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda, – dedi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov. – Ayni paytda bazaviy ta’lim, yuksak salohiyatli kadrlar mamlakatimiz uchun hamisha dolzarb sanalgan. Zero, ta’limni o‘zgartirmay turib, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi.

Aytish kerakki, maktabgacha va maktab ta’limi sohasida har bir hududda o‘ziga xos dolzarb masalalar bor.

–Prezidentimiz mamlakatni taraqqiy ettirishning beshta ustuni haqida fikr yuritib, bunda ta’lim alohida o‘rin egallashiga e’tibor qaratgan edilar, – dedi Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Durdona Rahimova. – Keyingi yillarda o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish, ularni majburiy mehnatdan ozod qilish, pedagoglarni erkin ijodkorlikka yo‘naltirish, moddiy rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Toshkent shahrida ham yangi o‘quv yili arafasida ko‘plab maktabgacha va maktab ta’limi tashkiloti qurib, foydalanishga topshirilmoqda. Bu ob’ektlarni bunyod etish, ishga tushirish uchun salmoqli miqdorda mablag‘lar ajratilmoqda. Shu bilan birga, bugun yoshlarning tarbiyasiga e’tibor qaratish dolzarb masala bo‘lib turibdi.

[gallery-24735]

Forum davomida pedagoglar fanlar yo‘nalishi bo‘yicha sho‘’balar asosida innovatsion o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashmoqda.

Nazokat Usmonova,  

Nosirjon Haydarov (surat),  

O‘zA muxbirlari