Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi o‘quv yilida o‘quvchi va talabalar ta’lim muassasalariga pandemiyadan oldingi davrdagidek kutib olinadi
17:03 / 2022-08-26

Yozgi ta’til tugashiga ham sanoqli kunlar qoldi. Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan kunlar salqinlab, koronavirus va boshqa turli xil yuqumli mavsumiy kasalliklar tarqalishi ehtimoli ko‘payadi.

Xo‘sh, joriy o‘quv yilida ta’lim muassasalariga o‘quvchi va talabalar qanday kutib olinadi? O‘tgan yillardagidek, o‘quvchi va talabalarning tana harorati o‘lchanib, qo‘llari antiseptik vositalar bilan zararsizlantiriladimi?

Mazkur savollar bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Rauf Qosimovga murojaat qildik.

– O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish borasidagi chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilish bayoniga ko‘ra, joriy yilning 1 martidan boshlab bir qancha cheklovlarni bekor qilish belgilangan, – deydi R.Qosimov. – Jumladan, fuqarolarning ochiq havoda niqob taqish majburiyligi bekor qilingan. Epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda, fuqarolarning ijtimoiy masofani ta’minlash qiyin bo‘lgan joylarda – jamoat transportida, yirik savdo do‘konlarida, bozorlarda, ta’lim muassasalarida, davlat va nodavlat idoralarida, masjidlar, sport majmualarida, teatr, kinoteatr, muzey, san’at saroylari, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash va tana haroratini o‘lchash amaliyoti majburiyligi bekor qilingan.

Bundan anglashiladiki, yangi o‘quv yilida talaba va o‘quvchilar ta’lim muassasalariga pandemiyadan oldingi davrdagidek kutib olinadi. Ulardan tibbiy niqob taqish yoki haroratini o‘lchash, qo‘llarini antiseptik bilan zararsizlantirish talab qilinmaydi. To‘g‘ri, yuqoridagi talablar bekor qilingan. Ammo tavsiya sifatida qoldirilgan deydi, – R.Qosimov.

Oldinda kuz, kunlar tobora salqinlashib boraveradi. Oramizda koronavirus kasalligiga chalinayotganlar ham yo‘q emas. Demak, har qadamda, har soniyada ushbu infeksiyani yuqtirib olish ehtimoli hamon mavjud. Koronavirus va boshqa infeksion kasalliklar muloqot orqali, ayniqsa, yopiq joylarda juda tez yuqishini inobatga olsak, o‘quvchi va talabalarning shaxsiy gigiyenaga rioya qilganlari maqsadga muvofiq. Zero, bu kasallik yuqtirmaslikning muhim shartidir.

Mohigul Qosimova, O‘zA