Ta’lim sifati va samaradorligi o‘qitish sharoitiga ham bog‘liq. Qo‘qon shahridagi maktab o‘quvchilari mamlakat fan olimpiadalarida tobora ko‘proq yutuqlarni qo‘lga kiritishmoqda. Uning bitiruvchilari esa oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lish darajasi bo‘yicha viloyatda eng yuqori ko‘rsatkichga erishyapti. Albatta, bunda ustoz-o‘qituvchilarning kasbiy mahorati, mas’uliyati muhim ahamiyatga ega. Ammo bugun Qo‘qon shahridagi maktab binolari, sinf xonalari o‘quv jihozlarini ko‘rsangiz, ta’lim sohasida erishilayotgan yutuqlar zamirida yangi qurilgan, qayta ta’mirlangan binolar, o‘quv va mashg‘ulot xonalarining ham o‘rni katta ekanini anglaysiz. Ulardan biri 27-maktab.
– Yurtboshimizning Farg‘ona viloyatiga tashriflaridan so‘ng maktabimizning mukammal ta’mirlanishiga 8,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi. Eshik-romlar almashtirildi. Tashqi devorlarga issiqlikni saqlovchi bazalt qoplandi, – deydi 27-maktab direktori Feruza To‘xtaboyeva.

Shu kunlarda o‘quv yili boshlanishiga hozirlik ko‘rilmoqda. Har bir sinf o‘quvchi yoshi, qiziqishiga qarab bezatilgan. Barcha qulayliklardan tashqari alohida basseyn ham qurilgan.
– Bu mavzuda gapirilmaydi. Ammo har bir qavat va bo‘linmaga bolalar sanuzel-tualetlari qilindi, – deydi 44-maktab direktori Gulnoza Yarasheva. – Aslida bu dolzarb muammo. Qishning qirovli kunlari ham o‘quvchilar endi bino ichidan chiqishmaydi. Oshxona, sportzal, boshqa kabinetlar ichkarida. Biz bunday sharoitga javoban mamlakat yoshlarini yetuk insonlar qilib tarbiyalashga tayyormiz.

Qo‘qondagi yangi maktab binolari birin-ketin qad rostlayapti. Qolaversa, boshqa tumanlardan shaharni kengaytirish evaziga qo‘shib berilgan hududlarda ish qizg‘in. Ashurqulmergan mahallasida ellik yil avval bir kichik binoni maktabga moslashtirishgan edi. Unga atigi 200 nafar bola arang sig‘dirilgan.
– Hatto tomdan chakka o‘tar, devorlar yorilib ketgan, partalar yaroqsiz holatga kelgan edi. Maktab eski binosini buzib tashlab o‘rniga uch qavatli zamonaviy bino qurib berdilar.
Mahalla ahli, ota-onalar va yoshlarning azaliy orzulari yangi maktab binosi qurilishi bilan ro‘yobga chiqdi, deyish mumkin.

– Bu yerning o‘quvchilari 50 yildirki, sportzalni orzu qilganlar. Oshxona yo‘q edi. Mana endi sportzal ham, oshxona ham bor. Yurtboshimiz bizga shunday binoni topshirdilar, biz endi eng bilimli yoshlar tayyorlashga bor kuchimizni sarflaymiz, – deydi Gulnoza Yarasheva.
Hozir har kuni ota-onalar, buvijonlar kelib maktabni ko‘rib ketishmoqda.

– 8 nafar nabiram bor. Shundan 4 nafari o‘quvchi. Ularning ikki nafari qo‘shni mahalladagi 46-maktabda o‘qishar edi, – deydi Manzura aya Omonova. – Biz ular o‘qishga borib kelguncha xavotirda o‘tirganmiz. Mana, mahallamizda yangi maktab qurildi. Endi barcha nabiralarim shu maktabda o‘qiydi. Sharoitlarni qarang. Sportzal, oshxona, faollar zali, kompyuterlar, hatto yo‘l harakati xonalarigacha. Ko‘rib xursand bo‘ldik. Prezidentga rahmat.
Qo‘qonliklar davlat va Prezidentning alohida e’tiboridan minnatdor ekanliklarini qayta-qayta ta’kidlashdi. Chunki, Qo‘qon shahridagi ta’lim muassasalarida chindan ham beqiyos o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.
– Bitta yangi maktab qurildi. Undan tashqari investitsiya dasturida uchta maktab binosi to‘liq rekonstruksiya qilindi. Ularga qo‘shimcha binolar qurildi, – deydi Qo‘qon shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Irodaxon Mirzayeva. – Jami 38 ta maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida homiylar hamda davlat investitsiya dasturlari orqali ta’mirlash ishlari olib borildi. Maktablarga yangi jihozlar: elektron doskalar, kasbga o‘rgatish uskunalari olib kelindi.
Bu kabi amaliy islohotlar natijasida endi har bir o‘quvchi bilan alohida-alohida shug‘ullanish imkoni ham yaratildi.
– Maktablar bir navbatli o‘qitishga o‘tgandan keyin kunning ikkinchi qismida shu yerda o‘quvchilarning qiziqishi bo‘yicha 19 turdagi to‘garaklarda ish olib borilmoqda, – deydi Irodaxon Mirzayeva.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/t3mbG56pYS8?si=NMrFGKSk7_LhavlO" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,Elyor Olimov(video,surat),O‘zA