Xorazm viloyatining Xiva tumanida zamonaviy talablarga mos ravishda bunyod etilgan o‘quv mashq maydoni (avtodrom) foydalanishga topshirildi.
Tadbirda so‘z olganlar yangi avtodromda barcha toifalar bo‘yicha o‘quv guruhlariga amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidlashdi.
"Xiva Drayver" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bo‘lgan o‘quv mashq maydonida yoshlarning amaliy haydash ko‘nikmalari shakllantirilib, professional tarzda olib boriladigan dars hamda o‘quv mashg‘ulotlari orqali malakali haydovchilar tayyorlanadi.

Albatta, bunday haydovchilar tayyorlash uchun yo‘l harakati xavfsizligi, nazariy o‘quv jarayonlarini amaliyot bilan chambarchas olib borish lozim.
—Avtodromda haydovchilar tayyorlash jarayoni innovatsion amaliyotga yo‘naltirilgan, —deydi "Xiva Drayver" MCHJ rahbari Dilshod Ro‘zmetov. –Avtodromdagi amaliy mashg‘ulotlardan asosiy maqsad xavfsiz haydash bo‘yicha puxta ko‘nikma berish bo‘lib, bu yer turli burilishlar, maxsus to‘xtash maydonchalari, svetaforlar orqali haydovchi real hayotda duch keladigan barcha vaziyatlarni shu yerning o‘zida o‘rganib chiqadi. Shuningdek, kutilmagan holatlarda turli xatti-harakatlarga baho berish imkoniga ham ega bo‘ladi.

Yangi ishga tushirilgan avtodromda haydovchilikni o‘rganayotgan fuqoralar doimiy ravishda amaliy mashg‘ulotlarni sifatli o‘tashlari va malakali mutaxassislardan saboq olishlari mumkin.
—Avtomaktibimizning asosiy binosi Xiva shahrida joylashgan, —deydi haydovchi yo‘riqchi Jasur Rahimov. – U yerda nazariy bilimlarni olgan o‘quvchilarimiz bu yerda amaliy mashg‘ulotlarda qatnashadilar. Aytish mumkinki, bu yerda haydovchilik guvohnomasiga imtihon topshirayotganda beriladigan standart sinov topshiriqlaridan ko‘ra murakkabroq va qaltisroq harakatlarni amalga oshirishlariga to‘g‘ri keladi. Chunki, “Mashqda qiyin bo‘lsa, jangda oson bo‘ladi” degan hikmatli gap bor xalqimizda.

Mazkur o‘quv -mashq maydonchasining ishga tushishi nafaqat haydovchilar tayyorlash, balki hududdagi yo‘llarda harakatlanish madaniyati va xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari