Sirdaryo viloyatining Guliston tumaniga qarashli Alisher Navoiy mahallasida zamonaviy sharoitda qayta qurilgan oilaviy shifokorlik punkti foydalanishga topshirildi.
Ilgari binoning eskiligi, isitish tizimining samarasizligi va zamonaviy jihozlarning yetishmasligi tufayli tibbiy xizmat sifati qoniqarli emas edi.


Endilikda bu muammolar to‘liq bartaraf etildi.
Prezidentning 2025 yil 6 martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti va infratuzilmani yaxshilashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida muassasani rekonstruksiya qilish va yangi tibbiy jihozlar bilan ta’minlash uchun 1,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Qurilish va jihozlash ishlari “Nurli quyosh texnologiyasi” MCHJ tomonidan sifatli bajarildi.


Yangilangan shifokorlik punktining rasmiy ochilish marosimida Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev ishtirok etdi. U aholi salomatligini muhofaza qilishda amalga oshirilayotgan ishlar ahamiyatiga to‘xtalib, yangi muassasa mahalladagi tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga ko‘tarishini ta’kidladi.

Muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan bo‘lib, unda bemorlarni qabul qilish xonalari, bolalar ko‘rik bo‘limi, laboratoriya va emlash xonalari faoliyat yuritadi. Shuningdek, isitish tizimi yangilanib, muassasaning ichki sharoitlari zamonaviy talablarga moslashtirildi.

Ochilish marosimida ishtirok etgan aholi vakillari ham muassasaning qayta qurilishi va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanishini e’tirof etishib, bu yangilik mahalla salomatligi uchun muhim qadam ekanini ta’kidlashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA