Konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, uglevodorodlar zaxirasini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Quduqlarda kapital ta’mirlash ishlarini bajarish barobarida, yangi quduqlar burg‘ilanib, tugatilgan quduqlar majmuasida turganlari esa murakkab ta’mirlash ishlari olib borilgandan keyin ishga tushirilmoqda.
“ERIELL” kompaniyasi bilan hamkorlikda Buxoro viloyatidagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Tayloq” gaz kondensati konidagi 47(NN)-sonli quduq o‘zani 2400 metrgacha qiya yo‘naltirilib burg‘ilandi. Shundan so‘ng, quduqni o‘zlashtirish ishlari amalga oshirildi va undan gaz hamda gaz kondensati oqimi olindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zlashtirish ishlaridan so‘ng, kunlik 136 ming kub metr sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va 2 tonna gaz kondensati qazib chiqarilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Tayloq” gaz kondensati koni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida joylashgan bo‘lib, 2013 yilda ishga tushirilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA