Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatiga murojaati
13:44 / 2020-09-25

Kuni kecha yangi Oʻzbekiston tarixidagi yana bir olamshumul voqea sodir boʻldi.


Kuni kecha yangi Oʻzbekiston tarixidagi yana bir olamshumul voqea sodir boʻldi. 

Davlatimiz rahbari dunyoning eng yuksak minbaridan soʻzlagan zalvorli nutq ilk bor buyuk Navoiy tilida yangradi. Ushbu voqea yurtimiz bilan bir qatorda, boshqa koʻplab mamlakatlarda yashayotgan ellik milliondan ortiq millatdoshlarimizni junbishga keltirgani aniq.

Tarix haqiqati shuki, bu – oxirgi besh asr davomida millat hayotida kuzatilgan eng sharafli sanalardan biridir. Aslida, bu voqea soʻnggi yillarda yurtimizda kuzatilayotgan yangi ilmiy-madaniy va ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish, ilmiy tilda aytganda, Renessansning yana bir amaliy ifodasi sifatida namoyon boʻldi.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasidagi serqirra va yorqin nutqi tenglar ichida tengligini taʼminlashga qaratilgan yurtimizning sobitqadam olgʻalashidagi muhim bosqich, shoir orzu qilganidek, xalqimiz qaddi-basti gʻozdek tiklanishining amaldagi ifodasi boʻldi. Yana shunisi muhimki, Prezidentimiz nutqi, buyuk bobokalonimizning purmaʼno soʻzlari kabi, nafaqat turkiyzabon xalqlar, balki dunyo hamjamiyatiga qaratildi. Shuning uchun ham u nafaqat xalqimiz, balki umumbashariyatning tinch va farovon kelajagini yaratish boʻyicha nihoyatda siqiq, lekin ummondek qamrovli rejadek salobatli koʻrinishda oʻzini namoyon etdi.

Chindanam, nutq nihoyatda serqirra boʻldi. Unda bugungi dunyoning eng katta tashvishiga aylangan tojsimon virus pandemiyasidan boshlab, sogʻlom kelajakka tahdid solayotgan Orol fojiasi va issiqxona gazlari miqdorining oshishi kabi ekologik muammolar, nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun xalqaro hamjamiyat xavfsizligiga xatarli tahdid boʻlib qolayotgan Afgʻonistondagi vaziyat, pandemiya tufayli tobora chuqurlashib borayotgan oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq muammolar, kurrai zamin aholisining anchagina qismi aziyat chekayotgan qashshoqlikka barham berish, dunyoning kelajakdagi qiyofasini oʻzida mujassam etgan ikki milliarddan ortiq yosh avlod huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarish, gender tengligi va inson huquqlarini himoya qilish kabi koʻplab global qamrovli masalalar koʻtarildi. Tabiiyki, ularning barchasi ahamiyatini toʻliq idrok etish chuqur tafakkur va yetarli vaqtni talab qiladi. Ushbu maqolada esa, men Prezidentimiz nutqida koʻtarilgan masalalarning ayrimlari boʻyicha ilk taassurotlarimni bayon etmoqchiman.

Birinchi taassurot nutqda koʻtarilgan har bir muammoning nafaqat aniq-tiniq belgilab qoʻyilgani, balki uning samarali yechimini kafolatlaydigan xalqaro mexanizmlarni yaratishga qaratilgan amaliy taklif va tashabbuslar bilan mustahkamlangani bilan bogʻliq. Masalan, dunyo siyosatchilari tomonidan sessiyaga taqdim etilayotgan murojaat va maʼruzalarni diqqat bilan kuzatayotgan har qanday kishining nazaridan chetda qolmaydigan xususiyatlardan biri shuki, ularning barchasida pandemiya tufayli vujudga kelgan ogʻir vaziyat va uning kelajakdagi salbiy oqibatlari haqida koʻplab xulosa va bashoratlar qilinmoqda. Shuningdek, pandemiya asoratlarini bartaraf etish barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar saʼy-harakatlarini birlashtirishni taqozo etayotgani takror-takror uqtirilmoqda.

Tabiiyki, Oʻzbekiston Prezidenti ham ushbu hassos masalaga toʻxtaldi. Nazarimda, uning muammoga yondashuvini boshqalardan ajratib turadigan jihat shu boʻldiki, davlatimiz rahbari chiqishida mazkur xatar mohiyatining umumiy bayoni emas, balki uning yechimiga xizmat qiladigan xalqaro mexanizmni yaratish qaygʻusi ustuvorlik qildi. Chindanam, xalqimizning hikmatli maqolida taʼkidlanganidek, “holva degan bilan ogʻiz chuchimas”. 

Buning uchun holvani tayyorlash va uni foydali mahsulotga aylantirish yoʻllarini bilish lozim. Xuddi shu kabi, pandemiya haqida koʻp va xoʻb gapirish ham undan xalos boʻlishni kafolatlamaydi. Buning uchun amaliy harakatlar kerak. Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish va qabul qilish haqidagi Oʻzbekiston taklifi ayni shu maqsadni koʻzlaydi. Uning nomidan koʻrinib turganidek, bunday hujjatning maqsadi faqat bugungi pandemiyani bartaraf etish bilan cheklanmasdan, istiqbolda sodir boʻlishi ehtimoli katta boʻlib qolayotgan bu kabi ofatlarga qarshi samarali ng uzoq muddatli mexanizmini yaratishdir. Shubha yoʻqki, bu insoniyat oldida koʻndalang turgan dolzarb vazifaga aylangan haqiqatdir. 

Bamisoli xalqaro hamjamiyatning murakkab vaziyatlardagi yurish-turishi odobi qoidalarini oʻzida mujassam etishi nazarda tutilayotgan bunday xalqaro hujjat global koʻlamli ofatlarga qarshi kurash va ularni bartaraf etishda insoniyatga qanchalik qoʻl kelishi haqida alohida gapirishga hojat yoʻq.

Prezidentimiz nutqida bayon etilgan pandemiya bilan bogʻliq muhim xulosalardan yana biri, ushbu qattol ofatning barcha xalqlar, ayniqsa, ularning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ahvolini ogʻirlashtirib borayotgani haqida boʻldi. “Yoʻgʻon choʻzilar, ingichka uzilar” deganidek, bugungi voqelik beistisno barcha mamlakatlar aholisining katta qismi turmush tarziga sezilarli salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Demak, bunday qaltis vaziyatni isloh etish xalqaro hamjamiyatning umumiy vazifasiga aylandi. 

Binobarin BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga qoʻyiladigan asosiy masalalardan biri qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashish hamda ushbu masalaga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish boʻlishi lozimligi taklifi bugungi voqelik taqozosidir. Ushbu taklif zikr etilgan umumiy muammoni bargalikda bartaraf etish yoʻllarini izlash va buning uchun lozim choralarni koʻrish istagi bilan sugʻorilgani kundek ravshan. Insoniyatning katta qismi koʻnglidagi bunday istak xalqaro koʻlamda qoʻllab-quvvatlanishiga shubha yoʻq.

Maʼlumki, Oʻzbekistonning tashqi siyosati markazida turgan masalalardan biri yon qoʻshnilar bilan aloqalarni jadal rivojlantirish, boshqacha aytganda, Markaziy Osiyo mintaqasida ahil qoʻshnichilik muhitini mustahkamlashdir. Bu maqsadga erishish koʻp jihatdan “madaniy diplomatiya” deb nomlanadigan ¬– tub negizida madaniy-maʼnaviy omillar yotadigan tarixiy rishtalarni jonlantirish va ularga bugungi hayotiy zaruratlar taqozo etayotgan mazmun-mohiyatni singdirish bilan bogʻliq. 

Shu maʼnoda Oʻzbekiston rahbarining nutqida yana bir muhim amaliy taklif olgʻa surildi. Uning mohiyatini Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari tomonidan umumbashariy tamaddun rivojiga qoʻshilgan ulkan hissani xalqaro miqyosda ommalashtirishni faollashtirish, shu orqali ularning jahon sivilizatsiyasidagi haqiqiy oʻrnini yana-da tiniqlashtirish tashkil etadi. Bu taklif 2021-yilda YUNESKO tashkiloti bilan birgalikda Xiva shahrida “Markaziy Osiyo ¬– jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” deb nomlanadigan xalqaro forumni oʻtkazishga Oʻzbekistonning tayyor ekani shaklida olgʻa surildi.

Ushbu tashabbusning ahamiyati shundaki, Markaziy Osiyo mintaqasining umumjahon ahamiyatiga molik qadimiy va boy umumiy merosi haqidagi bilimlar dunyo miqyosida hanuzgacha yetarli darajada ommalashmagan. Yoki ularning talqinida baʼzan qasddan, ayrim hollarda esa, asl maʼlumotlarni bilmaslik tufayli xatolarga yoʻl qoʻyilmoqda. Bunday xatolarni oʻnglash, tarixiy haqiqatni tiklash hamda Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar tizimi submintaqasi sifatidagi jozibali imijini yaratish, shuningdek, uni xalqaro jamoatchilik orasida ommalashtirishning eng samarali yoʻllaridan biri aynan shunday muloqotlardir. Ikkinchi tarafdan, ular davlatimiz rahbarining mintaqaviy hamkorlik va rivojlanishni jadallashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston rahbarining nutqida koʻtarilgan boshqa masalalar ham oʻzining hayotiy kuchi va amaliyligi, ham mintaqa davlatlari, ham xalqaro hamjamiyat rivojlanishi yoʻllari va surʼatlarini umummanfaatli tarzda amalga oshirishga moʻljallangani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Nutqda bayon etilgan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar, xulosa va prognozlarning umumiy mazmun-mohiyatidan kelib chiqib aytish mumkinki, u pandemiyadan chiqarilgan achchiq saboqlarga suyangan holda adolatli global tizimni yaratish va uni muntazam ravishda mustahkamlab borish muammosi boʻyicha xalqaro ahamiyatli muhim qoʻllanma boʻlib qoladi.


Zohidullo Munavvarov,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
xalqaro munosabatlar kafedrasi mudiri,
siyosiy fanlar doktori, professor