French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Oʻzbekistonda yangicha taʼlim saboqlari
14:40 / 2020-04-23

Bugun insoniyat ogʻir sinovni boshdan kechirmoqda, koʻz ilgʻamas yov – koronavirus barchaga birdek tahdid solmoqda.

Taʼlim

Bugun insoniyat ogʻir sinovni boshdan kechirmoqda, koʻz ilgʻamas yov – koronavirus barchaga birdek tahdid solmoqda. Unga qarshi kurash bamisoli hayot-mamot jangidek muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning hushyorligi bilan bu tahlikali masalaga oʻz vaqtida eʼtibor qaratildi. 2020-yilning yanvar oyidan boshlab respublikamiz hududiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrila boshlandi. Eng avvalo, qulay sanitariya-epidemiologik muhitni yaratish va aholi salomatligini muhofaza qilish, diagnostika va shaxsiy himoya vositalari, virusga qarshi preparatlar bilan taʼminlash choralari koʻrildi. Qoʻshimcha davolash va boshqa muassasalarni qurish, taʼmirlash va jihozlash, epidemiologik noqulay mamlakatlarda vaqtincha yashayotgan yurtdoshlarimizni Vatanga qaytarish, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining barqaror faoliyat yuritishiga erishish bilan bogʻliq aniq va toʻgʻri qarorlar qabul qilinayotgani xalqimizda umid va ishonch uygʻotmoqda.

Shunga monand ogʻir, vazmin, koʻpni koʻrgan xalqimiz ham birdamligini amalda namoyon etayotir. Hozirgi murakkab sharoitda barcha zarur xizmatlar oʻrniga qoʻyilmoqda. Shunday kezda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va sogʻliqni saqlash tizimlarining faoliyatini har bir fuqaro, oilalar toʻgʻri tushunib yetmoqda.

Garchi bugun hamma joyda karantin muhiti yaratilgan boʻlsa-da koʻplab masʼul xodimlar oʻz faoliyatlarini toʻxtatganlari yoʻq. Aytaylik, minglab shifokorlar, huquqni muhofaza qilish xodimlari oʻz vazifalarini kecha-yu kunduz uzluksiz davom ettirmoqda. Qishloq xoʻjalik xodimlari shifokorlarning tavsiyalariga amal qilgan holda dalalarda dehqonchilik ishlarini bajarmoqda.

Xoʻsh, shunday bir vaziyatda biz oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari oʻz vazifamizga befarq qarab oʻtirishimiz mumkinmi? Yoʻq, albatta. Bugun butun vujudimiz bilan har galgidan koʻproq jipslik, hamjihatlik bilan ishlash davri keldi. Oʻz xalqi, millati taqdirini, farzandlar kelajagini oʻylagan ziyoli qoʻl qovushtirib oʻtirishi aslo mumkin emas. Professor-oʻqituvchilarimiz shunga yarasha saʼy-harakatlarini davom ettirib, zamonaviy oʻqitishning ilgʻor usullaridan biri sanalmish – masofaviy taʼlimni yoʻlga qoʻygani eng samarali yoʻl boʻldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida Oʻzbekistonda koronavirus tarqalishi oldini olish borasida barchamiz uchun gʻoyat muhim tavsiyalarni berdi. Davlatimiz rahbarining quyidagi soʻzlari talabalarimiz uchun katta saboqdir:

“Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va oʻquvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:

Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor oʻtkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan oʻzlashtiring. Kitob oʻqing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang”.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti professor-oʻqituvchilari oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2020-yil 27-martdagi “Oliy taʼlim muassasalarida masofaviy taʼlimni joriy etish toʻgʻrisida”gi buyrugʻida belgilangan vazifalarni toʻlaqonli amalga oshirish yoʻlida tinmay izlanmoqdalar.

Avvalo, 16-18-mart kunlari barcha talabalar oʻz uylariga kuzatildi va ularning manzillariga sogʻ-salomat yetib borishlari nazoratga olindi. Oʻsha kundan eʼtiboran ular bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Universitetimizda mutaxassis-dasturchilar va tajribali professor-oʻqituvchilardan iborat ishchi guruhi tomonidan 56 ta bakalavr yoʻnalishi va 91 ta magistratura mutaxassisliklarini oʻz ichiga qamrab olgan “Oʻquv jarayonini tashkil etish va boshqarish axborot tizimi” platformasi (http://ettt.nuu.uz) yaratilib, unga axborot-resurslarini joylashtirish hamda foydalanishga doir zaruriy yoʻriqnomalar tayyorlandi.

Bugungi keskin vaziyatni toʻgʻri anglab yetgan mingdan ortiq fidoyi professor-oʻqituvchilarimiz uy sharoitida ham ishlarini davom ettirib, masofaviy taʼlim platformasiga joylashtirish uchun elektron resurslarni tayyorlamoqdalar. Buning uchun professor-oʻqituvchilarimizga mustaqil ravishda oʻzlarining video darslarini tayyorlash imkonini beruvchi, oʻzlashtirish jihatdan sodda, mashgʻulot mazmunini talabalarga yetkazishda samarali deb topilgan elektron dasturiy mahsulotlardan (jumladan, Camtasia Studio, Bandicam, Movavi Screen Recorder Studio kabi) foydalanish toʻgʻrisida vizuallashtirilgan va yozma qoʻllanmalar ishlab chiqildi. Virtual seminarlar, muhokamalar oʻtkazildi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining tavsiyasi asosida taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha masofaviy oʻqitiladigan fanlar uchun elektron rusurslarga qoʻyiladigan talablarga muvofiq 462 ta fandan 6 mingga yaqin elektron taʼlim resurslari va 522 ta videodarslar masofaviy taʼlim platformasiga joylashtirilib, universitetning barcha talabalari (15465 nafar) uchun virtual shaxsiy kabinetlar ochildi. Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filialining 225 nafar talabasi ham ushbu masofaviy taʼlim platformasiga biriktirildi.

Ilmga chanqoq talabalar onlayn tarzida tashkil etilgan masofaviy taʼlimga qanchalik masʼuliyat bilan yondashayotganlarini kuzatib turibmiz. Foydalanuvchilarning asinxron rejimda muloqotini nazarda tutib modellashtirilgan mazkur masofaviy taʼlim platformasiga 10 mingdan ziyod topshiriqlar joylashtirildi. Professor-oʻqituvchilarimiz tomonidan har bir talaba oʻziga tegishli topshiriqni qay darajada bajarayotgani jiddiy nazorat qilinib, tegishli tartibda baholanmoqda. Qoʻshimcha tarzda har bir akademik guruhlar uchun ochilgan ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar orqali onlayn muloqotlar va mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyilmoqda.

Yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlariga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Hozirgi paytda 359 nafar tayanch doktorant va doktorantlar, 1457 nafar magistrning har biri ilmiy rahbarlari bilan faoliyatlarini masofadan turib davom ettirishlari, shuningdek, universitetda tahsil olayotgan xorijlik 70 nafar talabaning ham masofaviy taʼlim platformasidan foydalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Ayni paytda bitiruvchi kurs talabalarining davlat imtihonlarini onlayn tarzda oʻtkazishga alohida tayyorgarlik koʻrilmoqda. Buning uchun zarur boʻlgan topshiriqlar tayyorlanib, masofaviy taʼlim platformasiga joylashtirilmoqda, jarayonni amalga oshirishning tartibi ishlab chiqilmoqda.

Zamon talablariga yarasha bundan buyon talabalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini tobora takomillashtirib boramiz. Chunonchi, universitetimizda kelgusi oʻquv yilidan boshlab oʻqitishning kredit modul tizimiga oʻtish koʻzda tutilgan.

Talabalar har bir fanni puxta oʻrganishlari uchun zarur adabiyotlar yaratishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Professor-oʻqituvchilarimiz mazkur oʻquv yilida 66 ta darslik, 172 ta oʻquv qoʻllanma, jami – 238 ta oʻquv adabiyotini yaratish ustida jiddiy izlanmoqdalar.

Davlatimiz rahbarining murojaatida taʼkidlangan vazifalar ijrosi qay darajada taʼminlanishi har birimizning saʼy-harakatimizga bogʻliq. Bugungi sinovli kunlarda talabalarimizning uylarida universitet muhiti hukmron boʻlishi, ular eng zamonaviy bilimlarni olishi, oʻz ustida mustaqil ishlashlari va izlanishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish burchimizdir. Bu ezgu yoʻlda har galgidan ham koʻproq fidoyilik koʻrsatayotgan universitetimiz jamoasining saʼy-harakatlari, albatta, oʻz samarasini koʻrsatishiga ishonamiz.

Avazjon MARAHIMOV,
Mirzo Ulugʻbek nomidagi
Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori.