Yangi oʻquv yilida qaysi yoʻnalishlarga ayricha eʼtibor qaratilsa, pandemiya davri taʼlimining asoratlarini yumshatgan boʻlamiz?
Tan olib aytish kerakki, taʼlimning ushbu shaklga oʻtishiga oʻqituvchilar ham oʻquvchilar ham tayyor emas edi.
Koronavirus pandemiyasining global taʼsiri natijasida 2019-2020 oʻquv yilining aprelidan boshlab yurtimiz taʼlim tizimi masofaviy taʼlim shakliga oʻtib, murakkab va oʻziga xos kechgan oʻquv yilini qiyinchilik bilan yakuniga yetkazib oldi. Mamlakatimiz professor-oʻqituvchilari tilida koʻp aylanayotgan “masofaviy taʼlim”, “onlayn mashgʻulot”, “Zoom platformasi”, Bandicam, “video dars”, audio dars, “virtual tadbir”, “onlayn anjuman” singari tushunchalar bugungi taʼlim voqeligining mohiyatini yaqqol ochib beradi.
Tan olib aytish kerakki, taʼlimning ushbu shaklga oʻtishiga oʻqituvchilar ham oʻquvchilar ham tayyor emas edi. Masofaviy taʼlim muhiti taʼlim beruvchi va taʼlim oluvchi uchun tamomila yangi hali oʻzlashtirilmagan maydon edi. Jonli, yuzma-yuz dars berish koʻnikmalariga oʻrgangan oʻqituvchilarimiz ham, shu vaziyatda dars olishga oʻrgangan oʻquvchilarimiz ham masofaviy taʼlimning dastlabki kunlarida sarosimaga tushgani bor gap. Bir haqiqatni qoʻrqmasdan aytish kerak, pandemiya sharoitida nisbatan “bilimsizlik ziyonini” koʻproq koʻrgan qatlam - oʻquvchilar va talabalar boʻldi. Ular oʻquv dasturlarida belgilangan mavzularni toʻlaqonli oʻzlashtira olmadi.
Bilim shunday daʼvoki, uning taʼsiri yillar davomida bilinadi. Bugungi pandemiya davri taʼlimini olgan avlodning qanchalik bilim olgan yoki olmaganini butun dunyo mamlakatlari yaqin oʻn yillikda aniq sezadi. Pandemiya taʼlimi jarayonida oʻgʻil-qizlariga toʻgʻri taʼlim berishni tashkil eta olgan davlatlargina ertaga ilgʻorlar qatorida boʻladi. Buni yaxshi anglab, taʼlimning nechogʻli muhimligini tushungan qator yetakchi mamlakatlar karantin yumshashi bilan birinchilardan boʻlib maktablarda oʻqishni yoʻlga qoʻya boshlaganini eslashning oʻzi kifoya.
Pandemiya uzoq davom etadigan jarayon ekani, bundan keyin u bilan yashashga oʻrganishimiz kerakligini JSST bot-bot taʼkidlamoqda. Hozirda anʼanaviy taʼlimdan raqamli taʼlimga transformatsiyasi kechmoqda. Shundan kelib chiqib, taʼlim sohasining bugungi va kelajak istiqbol taraqqiyoti raqamli va masofaviy taʼlimda ekanini belgilab olishimiz kerak. Joriy oʻquv yilida oʻz boshimizdan oʻtkazgan masofaviy taʼlim bilan bogʻliq salbiy va ijobiy natijalarni saboq oʻrnida qabul etib, yangi oʻquv yilidan boshlab quyidagi yoʻnalishlarga ayricha eʼtibor qaratilsa, pandemiya davri taʼlimining asoratlarini yumshatgan boʻlamiz:
Masofaviy va raqamli taʼlimning tamali internet. Birinchi galda internet qamrovi, tezligi va arzonligini taʼminlash kerak. Ayniqsa, taʼlim va qidiruv platformalari bu masalada doimo alohida eʼtiborda boʻlishi kerak.
2. Pedagoglarning raqamli informatsion texnologiyalarni amaliy jihatdan tugal oʻzlashtirishlariga erishish. Bu oʻrinda ularning har yili kompyuter va axborot texnologiyalardan topshirayotgan nazariy testlari oʻzini oqlamadi. Buning oʻrniga raqamli texnologiya dasturlarini amaliy jihatdan oʻrganishga urgʻu bergan maʼqul. Ayniqsa, oliy taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan ilmiy salohiyatlilarning asosiy qismini yoshi ulugʻlar tashkil etadi. Ularning oʻquv jarayonida nafi koʻp, lekin hozirgi pandemiya taʼlimida ular bir qadar onlayn darslardan uzilib qoldi. Mana shu boʻshliqni toʻldirishga, ularning raqamli taʼlim dasturlarini oʻzlashtirishiga ham sharoit yaratish kerak.
3. Oʻqituvchilar jamoasi, ayniqsa, oliy taʼlim muassasasining ilmiy darajali qatlami oʻz sohasi boʻyicha muayyan bir yoʻnalishning yetakchi mutaxassisi sanaladi. U oʻzi egallagan bilimlarni, yozgan ilmiy ishlari natijalarini, oʻtayotgan fani boʻyicha maʼlumotlar va soha boʻyicha yangi adabiyotlarni internet makonida joylashtirib borishi uchun oʻz sahifasini yoki telegram messenjerida kanal ochishi, toʻgʻrirogʻi, oʻz fani boʻyicha blog yuritishi lozim. Aslida har qanday mutaxassisning oʻz blogi boʻlishi kerak. Shunda uning oʻzi dars berayotgan fani boʻyicha egallagan bilimlari internet makoniga koʻchadi. Boshlanishiga u ochgan kanalda faqat oʻzining talabalari boʻlishi ham mumkin. Keyinchalik agar u yuritayotgan kanaldagi kontent sifatli boʻlsa, oʻquvchilar soni ham oshib boradi. Oʻqituvchining oʻzi ham koʻproq yangi bilimlarni oʻzlashtirishga va uni oʻz sahifasiga joylab borishga intiladi. Bu holat uning oʻsishiga ham turtki boʻlardi.
4. Shu kezga qadar pedagoglar bilim va koʻnikmalarini oʻz jamoalarida oʻzaro muhokama qilib kelganlar. Ular asosan “oʻz qozonlarida qaynagan”. Ularning oʻtayotgan darslarini hamkasblaridan boshqa yangi nazar kuzatmagan. Pandemiya taʼlimi bu borada yaxshigina kamchiliklar borligini ochiq-oydin koʻrsatdi. Tayyorlangan video va audio darslarning ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamaga olib kelgani buning misoli boʻladi. Endi esa oʻqituvchilar darslari auditoriyasi kengayganini, bundan keyin ularning virtual saboqlarini yolgʻiz oʻquvchilari emas, ularning ota-onasi ham internet foydalanuvchilari ham koʻrishi mumkinligini doimo eʼtiborga olishlari kerak. Oʻqituvchilar ham koʻzga koʻringan arboblar singari ommaviy shaxs (Public figure)ga aylanayotganini, ularning dars jarayoni muhokamaga asos boʻlishi mumkinligini, internetdagi taʼlim makon va masofa, chegara bilmasligini hamisha yodda tutgani yaxshi. Bu holat oʻqituvchi imijini belgilovchi asosiy omillardan biri ekanligini ham unutmagan maʼqul.
5. Oʻquvchilar hamda talabalar shu choqqacha oʻqituvchilari bergan vazifalarini soʻrashi, bilmasa, tergashi yoki ota-onasiga yetkazishi mumkinligi tushunchasidan voz kechishlari kerak. Yaqin yaqingacha amal qilganimiz, oʻquvchiga nisbatan “eti sizniki, suyagi bizniki” prinsipi pandemiya taʼlimida ish bermaydi. Yoshlarimiz bilim oʻzlari uchun kerak ekanligini, kelajagi bugun olayotgan bilimiga bogʻliqligini tushunib, oʻqituvchi esa ular uchun faqat bilim olish yoʻllarini koʻrsatuvchi, yoʻllovchi vazifasida ekanligini anglab, oʻzlari ongli ravishda mustaqil taʼlim, mustaqil oʻqib oʻrganish koʻnikmasini shakllantirish vaqti kelganini yaxshi tushunishi kerak.
6. Oʻzbek tilidagi sifatli taʼlim resurslarini tezlik bilan koʻpaytirish har bir predmet boʻyicha alohida fanning raqamli portallari boʻlishi, ular har bir sinf kesimida (1-sinf fanlari, 2-sinf fanlari va h.) sifatli oʻquv kontenti bilan toʻldirilgan boʻlishi kerak. Mamlakatimiz boʻyicha yagona onlayn maktab taʼlimi platformasi yaratilgan boʻlishi lozim. Oliy taʼlim tizimida har bir OTMning oʻz elektron resurslari bor. Lekin bu resurslardagi fan bilan bogʻliq materiallar qoniqarsiz ahvolda. Ushbu resurslarning barchasini inventarizatsiya qilish, yangilash hamda sifatli kontent bilan toʻldirish kerak boʻladi.
7. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida kam taʼminlangan oila sifatida roʻyxatga olingan oilalarning maktabda oʻqiydigan farzandlariga masofaviy taʼlimni oʻzlashtirishlari uchun davlat hisobidan kompyuter bilan taʼminlash masalasi ham hal etilsa, nihoyatda ulugʻ, savobli ish boʻladi. Bundan tashqari, yurtimiz nashriyot uylarida chop etilgan taʼlim va fan bilan bogʻliq barcha adabiyotlar hamda darsliklarning toʻliq elektron shaklini barchaning foydalanishi va yuklab olishi uchun internet taʼlim resurslariga joylashtirilishini ham yoʻlga qoʻyish kerak.
Agar yuqoridagi masalalar yechimiga eʼtibor qaratsak, oʻgʻil-qizlarimizni pandemiya vaziyatida sifatli taʼlim bilan taʼminlashga erishamiz. Bundan tashqari, yurtimizda mavjud anʼanaviy taʼlimdan raqamli taʼlimga oʻtish transformatsiyasini ogʻriqsiz oʻtkazamiz. Asosiysi, yangi Oʻzbekistonning yangi taʼlim tizimini qurish yoʻlida mustahkam qadam tashlagan boʻlamiz.
Qudratulla Omonov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti prorektori,
filologiya fanlari doktori, professor