Shimoliy kon boshqarmasida qo‘shimcha texnik suvga bo‘lgan ehtiyojning ortishi va Amudaryodan olinadigan suv resurslarini tejash maqsadida Navoiy viloyati Uchquduq tumani hududida joylashgan Beshbuloq suv majmuasida qurilgan 8- va 9-nasos stansiyalari foydalanishga topshirildi.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 150 milliard so‘mni tashkil etdi.

– “NKMK AJ”ning 2025 yilda energetika resurslarini tejash chora-tadbirlari rejasiga muvofiq, Beshbuloq nasos stansiyasidan 3-GMZ texnologik jarayonlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori minerallashgan yer osti suvlaridan foydalanish yo‘liga o‘tildi, – deydi Issiqlik suv, gaz ta’minoti va oqova suvlar sexi boshlig‘i Otabek Berdiyev. – Bu Amudaryodan olinadigan suv sarfini sezilarli darajada kamaytirish imkonini bermoqda. Natijada 2024 yilga nisbatan qo‘shimcha 1 million 804 ming 427 kubometr texnik suv ishlab chiqarildi va xuddi shu hajmdagi Amudaryo suvi tejaldi. Ushbu chora tadbirlar hisobidan shu kungacha korxona 13 milliard so‘m miqdorida iqtisodiy samaradorlikka erishdi.




Nasos stansiyalari qurilishida Zarafshon qurilish boshqarmasi quruvchilari, Shimoliy kon boshqarmasi bo‘linmalari ishchi-xodimlari hamda “O‘zbekgidrogeologiya” davlat muassasasi mutaxassislari ishtirok etdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri