French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi nashr etilgan kitob saytlarda e’lon qilinganidan keskin farq qiladi
11:40 / 2021-09-06

Ismat Xushevning «Oqlanmagan ishonch qissasi”ni birinchi bor, agar adashmasam, 2008-2009 yillar Shvetsiyada yashayotgan o‘zbekistonlik muhojir Yusuf Rasulning “Yangi dunyo” saytida o‘qiganman.

Har gal qissadan bir bob bosilayotganda “Asarning hech qayeriga tegmay e’lon qilish” sharti bilan mazkur asar dunyo yuzini ko‘rayotgani ta’kidlanar edi. Mazkur jumla bois eng avvalo mening xotirimga kelgan narsa shu bo‘lganki, bizda muharrirlar mualliflarning asarlarini “tuzatish”ga judayam qiziqadilar. Albatta, qayerinidir “siyosatga to‘g‘ri kelmaydi”, deb olib tashlashadi, qayerigadir qandaydir jumla qo‘shadilar, xullas, ba’zi hollarda asaring gazeta yo jurnalda bosilsa: “nahotki shu narsani men yozgan bo‘lsam”, degan savol paydo bo‘ladi. Tepasiga qaraysan, isming o‘qlog‘day bitilgan bo‘ladi. Bitikning ichiga qaraysan, hayron bo‘lasan, xullas, shu bois muharrirlar bilan talashaverib, biz – sovet davri mualliflari, asar keraksiz hollarda ham tahrirlanaverishlaridan bezib qolganmiz. Shu sababli Ismat ham mazkur iborani tiqishtirgan, ammo... Yusuf Rasul hech bir muallifning hech bir asariga qalam tegizmasdi. Qanday holatda borgan bo‘lsa, shu holicha nashr etib yuboraverardi. Chunki u tekinga ishlardi, oylik olmasdi, mualliflarga ham gonorar to‘lamasdi. Saytni bir o‘zi yuritardi, shu sababli qo‘liga tushgan asarni tahrir qilishga toqati yo‘q edi...

Keyin, 2012 yili Ismat Xushev “Dunyo o‘zbeklari” nomli o‘z saytini ishga tushirdi va o‘z asarlarini birin-ketin o‘zi istagan tarzda o‘z saytiga joylay boshladi. Va o‘shanda men ikkinchi bor mazkur asarni o‘qiganman. Har qalay, hayotda o‘xshamasak ham, yozish uslubimiz bir-birimizga yaqin bo‘lgani uchunmi, o‘sha yillari ikki bor qayta-qayta o‘qiganlarim, Ismat Xushevning ko‘rgan-kechirganlarini yaxshi eslab qolgandim: “Artek”da dam olishi, Qarshi “gorispolkom”dagi mashmashalari, “gorkom” Lozitskiyning qizini paxtaga haydab borishi, Qarshi Davlat Pedinstitutida va boshqa joylarda “men amaldor ekanman”, deb uchib-qo‘nib yurishlari, sevgi iztiroblari, bo‘lg‘usi qaynotasi huzurida ho‘ngrab yig‘lashlari... hamma-hammasi xotiramda juda yaxshi saqlanib qolgan edi. Negaki, men ham shunga bir qadar o‘xshash manzaralar aro yashab o‘tyapman, hayotda ham, ish faoliyatimda ham, sevgi bobida ham: men yaxshi ko‘rgan qizni olib bermaymiz, deya amakilarim janjal ko‘tarishganda men ham toqatim toq bo‘lib, bir burchakka tiqilganimdan so‘ng onam bilan akamga (otam besh yoshligimda bu dunyoni tark etgandi) dod solib yig‘laganman. Va ajabki, keyin barchasi izga tushib ketgan. Shu sababli bo‘lsa kerak, “zagotzerno” boshlig‘i huzuriga musht o‘qtalib kirgan Ismat Xushev bilan barobar men ham ilojsizlikdan ho‘ng-ho‘ng yig‘ladim. Ismat bilan birga yig‘lab, chiqib ketdim, dunyosiga qo‘l silkib, o‘z holimga qoldim va... ertasiga opasi telefon qilib yaxshi yangilikni aytganda men yana yig‘ladim. Xursandchilikdan, hammasi shunchalar tez va oson hal bo‘lganidan, necha oylar davomida ko‘ngilda to‘lib ketgan g‘uborlar birdan quvilib, masala hal bo‘lganidan ko‘nglim bo‘shashib, yana maza qilib yig‘lab oldim.

Bu paytda Ismat Xushev bayramni boshlab yuborgan edi.

Ajabki, endi yangi kitobning o‘sha joylarini o‘qir ekanman, tag‘in o‘zimni tutib tura olmadim: naqadar beg‘ubor, naqadar yurakka yaqin, naqadar ta’sirli jumlalar bular: qanday yaxshi! Yaxshiyam o‘shanda Qulmon Ochillar o‘zlari istabmi, istamaymi, Ismatni to‘g‘ri yo‘lga solib yuborganlar, “borib, o‘sha “zagotzerno” boshlig‘i bilan betma-bet uchrash”, deganlar va... Hayot ana shunaqa detallardan iborat. Aynan ana shunaqa detallar hayotingizni hech kutilmagan o‘zanlarga burib yuboradi. Ne-ne jahon urushlari, insoniyatning ne-ne ko‘rguliklari aynan ana shunaqa detallar sababli boshlanib ketgan.

Xullas, tag‘in ko‘z yoshlarimni tiyib tura olmadim (Qarib qoldimmi, nima balo). Va aytishim kerakki, O‘sha, “zagotzerno” boshlig‘i bilan yuzlashish va keyin opaning ma’lumotlari – o‘sha hodisaga qadar Ismat Xushev boshidan o‘tkazgan voqealarning uzviy yakunidir. Ya’ni, asarni o‘qish davomida muallif o‘z o‘quvchisini ana shu holatga tayyorlab boradi.

Yana bir narsani ta’kidlashim kerak. Ismat Xushev “endi esim kirdi”, deydi. Ammo men ishonamanki, Ismat Xushevning hech qachon esi kirmaydi.

Ismat Xushev tinib-tinchimas, o‘t olov edi.

Ismat Xushev hozir ham shunaqa.

Ismat Xushev bundan keyin ham shunaqaligicha qoladi.

Odam zoti fe’lan shunaqa! O‘zgarmaydi.

2.

– Yangi nashr etilgan kitobimni albatta o‘qing, saytlarda o‘qiganingizdan keskin farq qiladi, – degan edi Ismat Xushev.

Shunaqa ekan.

Ismat Xushevning otasi feleton qilinib, rus maktabidagi darslarini o‘tishga bormay qo‘yganida 28 nafar yigit-qiz (aksariyati rus bolalari) maktabni “boykot” qilishadi, darslarga bormay qo‘yishadi.

Bu bizning millat vakillari o‘rnak olishi lozim bo‘lgan xususiyat. Ayniqsa, bugungi zamonimizda, oshkoralik tobora kuchga kirib, joylardagi hodisalar, nohaqliklar matbuotda yoritilayotganda, haq yuzaga chiqayotganda, nohaq ayblanganni jamoa bo‘lib himoya qilish – g‘oyatda olijanob xislat. Afsuski, bizlar birov shunaqa holga tushib qolsa, darhol undan yuz o‘giramiz, ko‘chada duch kelsa teskari qarab o‘tamiz, ko‘rishmaymiz. Xullas, xudo urganni tepkilash payida bo‘lamiz...

Eeeee, aytaversang, gap ko‘p.

Va eng asosiysi, Ismat Xushevning kitobini ana shu taxlit ibratomuz voqealar va ana shu voqealarga muallifning kutilmagan xulosalari bezab turipdi. Kitobni qo‘lingga olib, o‘qiy boshladingmi, ko‘z uzolmay qolasan: kitob har qanday kitobxonni o‘z domiga tortib ketadi.

Ta’riflayversang, adog‘i yo‘q. Yaxshisi, kitobni har bir o‘quvchi o‘zi o‘qigani, o‘zi rohatlangani, asar qahramoni bilan birga yashagani: kulgani, kuygani, kurashgani: g‘olib bo‘lib rohatlangani, mag‘lub bo‘lib azoblangani, yig‘lagani, yig‘lab ruhan poklangani – ma’qul.

3.

“Toshkentni zabt etish yo‘lidagi uchinchi hujum yoxud jurnalistikaga kirish” bo‘limini, menimcha, alohida ajratib olib, jurnalistikada o‘quvchilar uchun o‘quv qo‘llanmasi sifatida nashr etish kerak. Bo‘limda bayon etilayotgan voqealar, kuydi-pishdi, tinib-tinchimas, hamma joyda adolat talab qiluvchi, ammo o‘zi o‘ta sodda muxbir Ismat Xushevning ko‘rguliklari har bir boshlovchi jurnalistga maktab vazifasini o‘tashi aniq, deb o‘ylayman.

Bu endi mening shaxsiy fikrim. Uni birovga tiqishtirmoqchi emasman. Ammo o‘ylab ko‘rilsa bo‘ladigan vaziyat.

Asarning ayrim juz’iy qusurlari bor, albatta. Ammo ular haqida hozirdan xulosa chiqarmagan ma’qul, deb hisobladim. Negaki, asarning ikkinchi, uchinchi kitoblari mavjud. Ular qay tarzda e’lon qilinadi? E’lon qilinadimi o‘zi? Agar e’lon qilinsa, Ismat Xushev ularni qay tarzda tahrirlaydi!?

O‘shanda bir xulosaga kelamiz va yakuniy fikrimizni aytamiz.

Hozir esa o‘quvchilarni, kitobxonlarni, o‘zbek adabiyotini yangi, yangicha, noodatiy tarzda, baquvvat asar yuz ochayotgani bilan tabriklaymiz.

Abulqosim MAMARASULOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi