Konstitutsiya bayram munosabati bilan Namangan viloyatida bir qator ijtimoiy va iqtisodiy soha ob’ektlari ishga tushdi. Jumladan, “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ifodasi sifatida Yangi Namangan tumani markaziy poliklinikasining 250 qatnovga mo‘ljallangan yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Respublika byudjeti hisobidan ajratilgan 3,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Shu o‘rinda aytish o‘rinliki, tumandagi yettita tibbiyot muassasasi joriy yilda to‘liq raqamlashtirilib, “Dmed” axborot tizimi yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, moddiy-texnika baza yangilanib, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidan 1 milliard so‘mlik kompyuter jihozlari hamda mahalliy byudjetdan 3 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar yo‘naltirildi.


Viloyat va tuman faollari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida Yangi Namangan tumani tibbiyot birlashmasi jamoasiga vazirlik tomonidan 50 dona kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Elimiz salomatligi yo‘lida ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik va imkoniyatlar o‘z navbatida, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini oshishini ta’minlaydi.


Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.