Tashrifdan so‘ng
Mamlakatimiz rahbari shu yil 16-17 sentyabr kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Norin tumanidagi sobiq Sho‘rariq mahallasidagi abgor holatni tanqid qildi va vaziyatni o‘nglash borasida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Davlat byudjetidan ushbu og‘ir toifadagi mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga sog‘liqni saqlash va ta’lim ehtiyojlarini zamonaviy tarzga keltirish maqsadida 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, ayni kunlarda bunyodkorlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi izchil islohotlardan chetda turmagan holda, Yangi Namangan nomini olgan mahallada joylashgan 16-sonli umumta’lim maktabi binosida aholi uchun “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” shiori ostida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik aksiyasini tashkil etdi.
Viloyatdagi bir qator ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarining tajribali mutaxassislaridan iborat ko‘p sonli guruh mazkur hududda keng ko‘lamdagi tibbiy ko‘rik o‘tkazdi. Ko‘chma ixtisoslashgan tibbiy tekshiruv vositalari turli yoshdagi bemorlarga xizmat ko‘rsatdi.

– Yurtboshimizning mahallamizga tashrifi unutilmas voqea sifatida hammani mamnun etdi, – deydi mahalla fuqarosi Saidaxon Boltaboyeva. – So‘nggi kunlarda hududda kechayotgan o‘zgarishlardan bag‘oyat ko‘nglimiz shod. G‘amxo‘rlikning yana bir ifodasi sifatida, tajribali shifokorlar, qo‘li yengil hamshiralar, hatto poytaxtdan kelgan olima shifokorlargacha aholi salomatligiga kuyunchaklik bilan qaradi. E’tiborlisi, odamlarning aksariyati viloyat markaziga uzoq yo‘l bosib, bunday tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi bir muncha qiyinchilik tug‘dirardi. Hozirda esa mushkulimiz oson bo‘ldi.

Tadbir davomida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali, respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi, viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi, respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali kabi o‘nlab shifo maskanlarining yuqori malakali mutaxassislari mahallaga yo‘naltirildi.
– Besh mingdan ziyod kishi yashaydigan ushbu mahallada barcha xonadonlar tibbiy xatlovdan o‘tkazilgan edi, endi sog‘ligida muammosi bor kishilar taniqli shifokorlar ko‘rigiga yo‘llandi, – deydi 16-oila poliklinikasi shifokori Ma’muraxon Nazarova. – Nafaqat Yangi namanganliklar, balki qo‘shni Povonko‘l va Bo‘ritepa mahallalaridan kelgan aholi vakillari ham yaratilgan imkoniyatdan bahramand bo‘lmoqda.
Ayni kunlarda davlat rahbari e’tiboriga tushgan manzilda aholini sog‘lomlashtirish ishlari qizg‘in kechmoqda, mazkur jarayonda nafaqat mahalliy shifokorlar, balki Toshkentdan tashrif buyurgan taniqli tibbiyot xodimlari ham faollik ko‘rsatib, bemorlarga davo choralari belgilanmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA