Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining Yangi Namangan tumani bo‘limi tomonidan voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Byuro tomonidan joriy yil o‘tgan olti oyi davomida ish yurituvdagi aliment undirish bilan bog‘liq 1 ming 828 ta ijro hujjatidan 400 tasi tamomlangan. E’tiborlisi, targ‘ibot ishlari natijasida ajralish yoqasida turgan 188 oila yarashtirildi. 122 ta aliment to‘lovchi qarzdor ishga joylashtirildi, mavjud qarzdorliklardan 2 milliard 560 million so‘m undirilgan.
– Haftaning har shanba kunlari belgilangan hududdagi mahallalarda sayyor qabullar tashkillashtirilib, fuqarolarning murojaatlari tinglanmoqda, – deydi MIB Yangi Namangan tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Javlon Kattaxo‘jayev. – Murojaatlarning aksariyati joyida hal etilishi ta’minlanib, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar nazoratga olinib, yechimini topish choralari ko‘rilmoqda. O‘tkazilgan profilaktik tadbirlar, davlat ijrochilari tomonidan qarzni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirishlarga qaramasdan qarzdorliklarini hal qilmagan mas’uliyatsiz otalarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rib borilmoqda.
Masalan, MIB qabullari davomida fuqaro M.O.ning qarzdor ota F.N tomonidan alimentdan bo‘lgan qarzdorligi to‘lanmay kelinayotganidan norozi bo‘lib, undirilishida amaliy yordam so‘ragan. Ushbu murojaat yuzasidan olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor F.N. shu yil may oyida ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan 36 million so‘mdan ziyod qarzdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotganligi aniqlandi. Qarzdorga ogohlantirishlar samara bermaganligi sababli, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari yakuniga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudiga yuborilgan. Sudning 2022 yil 4 iyuldagi hukmi bilan qarzdor F.N.ga olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, bo‘lim tomonidan o‘tgan olti oyda 45 nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minotini ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelgan qarzdor otaga nisbatan sud tomonidan ma’muriy qamoq jazolari tayinlangan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA