Xalq deputatlari Yangi Namangan tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar, viloyat va tuman faollari, tashkilotlar rahbarlari ishtirokidagi sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Sessiyada ma’ruza qilgan Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov keyingi yillarda viloyatning eng yosh hududida olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlar barobarida, ishga solinmagan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.
Deputatlar Namangan viloyati hokimining Jobir Sharifovich Abdullayevni Yangi Namangan tumani hokimi lavozimidan ozod etish va tuman Kengashining deputatlik vakolatini muddatidan oldin soqit qilish hamda Adham Jakbaraliyevich Qoraboyevni Yangi Namangan tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarorlarini tasdiqlashdi.
Adham Qoraboyev 1985 yilda Namangan tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2008 yili Namangan muhandislik-pedagogika instituti tamomlagan. Mutaxassisligi muhandis-elektrik. Mehnat faoliyatini 2007 yilda oddiy elektromontyorlikdan boshlagan.
Keyinchalik u turli yillarda “Elektrqishloqqurilish” jamiyatiga qarashli 11-sonli mexanizatsiyalashgan jamlanma, Namangan tumani hamda viloyat elektr ta’minoti korxonalarida turli mas’ul va rahbarlik vazifalarida ish olib borgan.
Adham Qoraboyev yangi tayinlovga qadar “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan filiali bosh direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.