Keyingi yillarda Namangan shahri ulkan qurilish maydoniga aylandi. Viloyat markazining Davlatobod tumanida barpo etilayotgan Yangi Namangan shaharchasida yana bir yirik loyiha – “China House” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan zamonaviy turar-joy majmuasi qurilishi boshlandi.
Mazkur loyiha Namangan uchun juda muhim ob’ekt hisoblanadi. Ushbu shaharcha 200 mingdan ziyod aholini o‘z bag‘riga oladi. Qurilishda nafaqat yurtimiz bunyodkorlari, balki dunyo miqyosida katta tajribaga ega xorijiy hamkorlar ham faol qatnashmoqda. Endilikda ular safiga yana bir yirik loyiha qo‘shildi.
Xitoy Xalq Respublikasi investitsiyasi ishtirokidagi “China House” kompaniyasi tomonidan 30 million AQSH dollari hajmdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobidan ikki gektar maydonda jami 16 ta ko‘p qavatli turar-joy binosi barpo etishga kirishildi. Loyihaning taqdimot marosimida viloyat jamoatchiligi, nuroniylar, tadbirkorlar va turar-joy olishga talabgor aholi vakillari hozir bo‘ldi.
Namangan viloyat hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov xalqimiz farovonligini yuksaltirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar o‘z samarasini berayotganligi odamlarning kundalik hayotida aks etayotganligini ta’kidladi. Yangi Namangan shaharchasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, yangi loyihaning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
[gallery-26328]
“China House” kompaniyasi rahbari Gulbahor Tojimirzayevaning qayd etishicha, yangi majmuada barpo qilinadigan sakkizta o‘n ikki qavatli, sakkizta to‘qqiz qavatli uylarda umumiy hisobda 1208 xonadon joylashadi. Shuningdek, loyiha doirasida savdo va maishiy xizmat majmuasi, xizmat ko‘rsatish komplekslari, yopiq suv havzasi, sog‘lomlashtirish va dam olish maskanlari qurilishi rejalashtirilgan.
Yangi turar-joy majmuasi qurilishi katta xursandchilik bilan kutib olindi. Xonandalar ijrosidagi konsert dasturi tadbirga ko‘tarinkilik ulashdi. Ramziy lenta qirqilgach, yangi majmua poydevoriga tamal toshi qo‘yildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.