Namanganda viloyat faollari, quruvchilar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida “Yangi Namangan” shaharchasining ikkinchi bosqichi loyihasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Respublika qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Odilov, loyiha me’mori, Turkiyaning “Vertebra Studio” shirkati rahbari Mehmet Bektash mazkur loyihaning maqsad-vazifalari, ahamiyati haqida batafsil to‘xtaldi.
Namangan shahri ham iqtisodiyot, ham nufus jihatidan o‘sib bormoqda. So‘nggi besh yilda shahar aholisi 152 ming nafarga ko‘paygan. Shu davrda 300 dan ziyod ko‘p qavatli uylar qurilib, qariyb 65 ming fuqaro yangi xonadonga ega bo‘ldi. Jumladan, “Yangi Namangan” shaharchasi loyihasining birinchi bosqichida 330 gektar maydonda 8 ming 500 xonadonli 184 ta uy-joy barpo etildi.
Shuningdek, 145 gektar maydonda kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 10 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
bugungi kunda Namangan shahrida 30 ming fuqaroning uy-joyga ehtiyoji bor. Kelgusi yillarda shahar aholisi yiliga 25 ming nafarga ko‘payishi kutilmoqda. Ma’lumki, joriy yilning 9 mart kuni Prezident huzurida o‘tkazilgan ushbu loyihaning taqdimotida bunday yirik loyiha nafaqat Namangan viloyati, balki mamlakatimiz tarixida birinchi marta amalga oshirilayotganligi alohida ta’kidlandi. Aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazish va ularning takliflarini inobatga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. “Yangi O‘zbekiston bog‘i” loyihasi ham qo‘llab-quvvatlanib, bog‘ hududi uchun zarur bo‘lgan ko‘chatlarni ekish lozimligi aytildi.
[gallery-6288]
Yurtimizdagi yirik loyihalardan biri “Yangi Namangan shaharchasi” Davlatobod va To‘raqo‘rg‘on tumanlari chegarasida joylashgan bo‘lib, teng yarmi yashil hudud bo‘lishi ko‘zda tutilgan. 1 ming 203 gektarlik maydonda 750 dan ortiq 9-16 qavatli turar-joy majmuasi, 100 dan ortiq savdo markazlari, maktab, oliy o‘quv yurtlari, mehmonxona, shifoxona, masjid, madrasa, kinoteatr va boshqa ijtimoiy soha obektlari barpo etiladi. 200 mingdan ziyod aholi uchun barcha infratuzilmaga ega bo‘lgan zamonaviy shaharcha ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, shaharchaning kirish qismidagi 68 gektar yer maydonida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini barpo etish rejalashtirilgan. Bu bog‘ nafaqat yangi shaharcha, balki viloyat markazi – Namangan shahriga kirib kelayotgan odamga xushkayfiyat, estetik zavq va iliq taassurot uyg‘otadi.
Ta’kidlash joizki, “Yangi Namangan shaharchasi” uchun tanlangan hudud yuqorida keltirilgan ishlarni amalga oshirish uchun eng maqbul yechim hisoblanadi. Shahar markaziga yaqin, aeroport va magistral yo‘l yoqasida joylashgan bo‘lib, kelgusida Namangan, To‘raqo‘rg‘on va Kosonsoy tumanlarini bog‘lab turuvchi ko‘prik vazifasini o‘taydi.
E’tiborlisi shundaki, aholini munosib ish bilan ta’minlash maqsadida shaharchadagi mavjud savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida, shuningdek, umumiy maydoni 164,2 gektar bo‘lgan “Orzu, “Yuksalish”, “Yoshlar” va “Yangi Hayot” hamda tutash hududdagi “Kushon” kichik sanoat zonalarida 41 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish belgilangan.
Muloqot davomida nuroniylar, faollar, qurilish sohasi faxriylari va mutaxassislari “Yangi Namangan shaharchasi” loyihasining navbatdagi bosqichini amalga oshirish jarayonida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar borasida o‘z taklif, fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Sobiq ittifoq davrida qurilgan parrandachilik fabrikasi o‘rnida barpo etilayotgan shaharcha loyihasi, aytish mumkinki, Yangi O‘zbekistondagi shiddatli islohotlarga hamohang kechayotgani bilan ahamiyatlidir, – deydi qurilish sohasida uzoq yillar faoliyat yuritib kelayotgan mehnat faxriysi Ahmadjon Fozilov. – Biz, rahbarlik vazifalarida ishlagan yillarda viloyatimizda 586 ta uy-joyni qurgan bo‘lsak, so‘nggi yillarda Namanganda bu borada amalga oshirilgan ishlar solishtirilsa, birgina oxirgi besh yilning o‘zida 580 ta ko‘p qavatli uy barpo etilgani tahsinga sazovor. Agarda, “Yangi Namangan shaharchasi” loyihasi to‘liq yakuniga yetkazilsa, viloyatda uy-joyga ehtiyoji bor kishilar deyarli qolmaydi. Bevosita takliflar haqida aytganda, eng avvalo, loyiha doirasida quriladigan xonadonlar oshxonasining umumiy maydoni 20 kv. metrdan kam bo‘lmasligi kerak. 9 qavatli va undan yuqori bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi liftlarni kamida 6-8 kishi sig‘imiga moslashtirish zarur. Qolaversa, ko‘p qavatli uylar atrofiga aholi kundalik ehtiyojlarini nazarda tutgan holda, do‘konlar va to‘y-marosimlar o‘tkazish majmualarini qurish lozim.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar mazkur mega loyihani amalga oshirish jarayonida urbanizatsiya talablariga e’tibor qaratish, yer resurslari va energotejamkor texnologiyalardan oqilona foydalanish, qurilishda eski qoliplardan voz kechish, bugungi xalqaro standartlar asosida ish yuritish, xonadonlarni qurish va egalariga yetkazishda narx-navolarni maqbullashtirish borasida fikr yuritdi.
Muloqotda ta’kidlanganidek, ayni kunlarda 272 gektar yer maydonida amalga oshiriladigan loyihaning ikkinchi bosqichi boshlanish arafasida. Hozirga qadar qurilish tashkilotlari tomonidan loyihani amalga oshirish istagida 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Loyiha tashabbuskorlari orasida nafaqat mahalliy, balki Xitoy, Pokiston singari xorijiy davlatlar kompaniyalarini ham borligi quvonarlidir.
Albatta, bunday yirik istiqbolli loyihalardan ko‘zlangan pirovard maqsad inson qadrini ulug‘lash, odamlarni hayotidan rozi qilishga erishishdir.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.