Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi nafas” yangi marralarga undaydi
14:54 / 2022-11-13

Mamlakatimizning 15 ta hududi qatori Namangan shahrida ham Davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostidagi “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etilayotgan marafon fuqarolar, ayniqsa, yoshlar qalbida mamlakat bayrog‘iga hurmat, vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirish, qolaversa, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan muhim tadbirlardan biridir.  

Marafon Namangan shahridagi temiryo‘l vokzali yonidan start oldi. 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan to‘rt mingdan ziyod ishtirokchilar – oliy o‘quv yurtlari talabalaridan tortib umumta’lim va sport maktablarining o‘quvchilari, jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollaridan faxriylargacha Amir Temur ko‘chasidan “Uch favvora” xiyobonigacha bo‘lgan uch kilometrlik masofa bo‘ylab, g‘oliblik va salomatlik uchun yugurishdi. Marafonni tashkil etishda viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi, viloyat madaniyat boshqarmasi mutasaddilari jonbozlik ko‘rsatdi.

[gallery-9552]

– Ommaviy yugurish musobaqalari salomatlik, turli qatlamdagi aholi vakillarini bir maqsad atrofida jipslashtirishga qaratilgan muhim tadbirdir, – deydi Namangan viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon To‘ychiyev. – bugungi marafon bejizga “Yangi nafas” deb nomlanmagan. Chunki, u ko‘plab kishilarni sog‘lom turmush tarzi bilan oshno tutinishiga katta ruhiy quvvat bag‘ishlashi, aholi orasida salomatlik g‘oyasining yanada keng quloch yoyishiga xizmat qilishi shubhasiz.  

–O‘zbekiston bayrog‘i har bir sportchi uchun g‘alabalar va yutuqlarining timsoli, g‘urur va shon-sharaf, milliy birdamlik ramzi hisoblanadi. Bu marafon uning ishtirokchilarini shu aziz Vatan ravnaqi yo‘lida birdek daxldorlikka, ona yurtimizni sevishga undaydi, – deydi Namangan shahridan Elmurod Boydadayev. – Oldinlari ham marafonlarni ko‘rganmiz, ular muayyan bir shahar yoki tumanlarda o‘tkazilardi, ularning qamrovi ozchilikni tashkil etardi. bugungi “Yangi nafas” yugurish musobaqalari esa mutlaqo yangicha ko‘rinishda, ya’ni yurtimizning 15 hududida bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgani e’tiborni tortdi. Garchi, marafonda jismoniy imkoniyatimiz cheklangan bo‘lishiga qaramay shijoat ko‘rsatishga urinib ko‘rdim. Quvonarlisi, yakunda g‘oliblar safidan o‘rin olish nasib qildi.  

Xalqaro yengil atletika qonun-qoidalariga muvofiq zamonaviy tamoyillar asosida o‘tkazilgan marafon yakunlariga ko‘ra, g‘oliblar bolalar, yoshlar, kattalar, imkoniyati cheklangan kishilar, nogironligi bo‘lganlar hamda ko‘rish va eshitishda nuqsoni bor kishilar o‘rtasida aniqlandi. Sport bayrami yakunida barcha g‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Ommaviy marafonda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Oqilxon Dadaboyev,  

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA